Xorazm viloyati Urganch shahridagi 11-sonli tergov izolyatorida mahkumlarga ichishga yaroqsiz ichimlik suvi berildi. Bu haqda Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi hududiy vakili Odilbek Ollayorovga tergov izolyatoridagi mahbuslardan murojaat kelib tushdi.

Ushbu holat tasdiqlandi, deb xabar qildi Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati. 12 may kuni mintaqaviy vakil viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi mas’ul xodimi bilan birgalikda murojaatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Aniqlanishicha, 11-son tergov hibsxonasi kameralarida soat 22:00 dan ertalabki 6:00 ga qadar elektr energiyasidan foydalanish taqiqlangan. Shu paytlarda mahbuslar qaynatilmagan suv ichishga majbur bo‘lgan.

SES xodimi suvning sifatini tekshirib, mahbuslarga suvni faqat qaynatilgan holatda iste’mol qilish bo‘yicha tavsiya berdi.

Kameralarda suvni qaynatish jihozlari mavjud bo‘lgani uchun mahbuslarga soat 22:00 ga qadar kerakli miqdorda qaynatilgan suvni zaxiralashlari kerakligi tushuntirildi.

Monitoring doirasida tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha mahbuslarning fikrlari ham o‘rganildi. Ombudsman matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mahbuslar tomonidan boshqa shikoyatlar bo‘lmagan.