12 may kuni, koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri birinchi marta Shimoliy Koreya mamlakatda omikron shtammi bilan kasallanish holatlari tasdiqlanganini rasman e’lon qildi. Shaharlarda infeksiya tarqalishining oldini olish uchun karantin joriy etildi va chegara nazorati kuchaytirildi.

17 may kechki payt 24 million aholiga ega mamlakatda aniqlangan holatlar soni 1,72 milliondan oshishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi. Shundan 1,02 million kishi tuzalgan, 691 mingdan ortig‘i davolanmoqda. Halok bo‘lganlar soni 60 nafardan oshgan.

The Korea Times gazetasining yozishicha, Pxenyan hukumati mamlakat bo‘ylab zudlik dorixonalarni, shu jumladan, eng chekka hududlardagi dorixonalarni dori vositalari bilan ta’minlashni barqarorlashtirish uchun harbiylarni safarbar qilgan. Bu haqdagi buyruqni avvalroq mamlakat rahbari Kim Chen In bergan edi. U rasmiylarni favqulodda vaziyatga tayyor emasligi uchun tanqid qildi.

Farmatsevtika korxonalari dori vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirdi. Shuningdek, isitma kabi kovid belgilari bo‘lgan odamlarni tekshirish va davolash jarayoniga 11 mingga yaqin amaldorlar, tibbiyot institutlarining o‘qituvchilari va talabalari jalb etilgan.

Janubiy Koreya OAVlarining yozishicha, Koreya Respublika o‘z qo‘shnisiga dori-darmon va tibbiy buyumlar ko‘rinishidagi yordamni taklif qilgan, biroq ushbu takliflarga bir necha kundan buyon javob olmagan. Xitoy ham xuddi shunday yordamni taklif qildi, AQSh esa Shimoliy Koreyaga yordam berish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Ilgari mamlakat COVAX global dasturi bo‘yicha taklif etilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalarni olishdan bosh tortgandi.