«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qilib, IT sohasini o‘rganishni boshlagan, turli loyihalarni amalga oshirayotgan va kelajagini ushbu sohada ko‘radigan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Ular nega IT sohasiga qiziqishgani, bunga nisbatan atrofdagi turli gap-so‘zlar va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab, tengdoshlari uchun o‘z maslahatlari bilan ham bo‘lishishdi.

Birinchi suhbatdoshimiz Maftuna Mahkamova 2007 yili Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U hozirda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot va kommunikatsiya texnologiyalariga (AKT) ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinfida tahsil olmoqda. Maftuna 2 yildan buyon AKT sohasining turli yo‘nalishlarini o‘rganib kelmoqda, uning mobil va veb-dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab loyihalari bor. SMM yo‘nalishini esa o‘zi mustaqil o‘rganadi. Kelajakda u mobil dasturchi bo‘lmoqchi.

«Kelajakda hamma narsani IT sohasidagi insonlar boshqaradi»

Hozirgi zamonda IT sohasi rivojlanib kelmoqda. Kelajakda hech bir sohada IT`siz ish bitmaydi. Bir kun kelib barcha narsalarni, ya’ni inson omili o‘rnini texnologiya egallaganida, ularni IT sohasidagi insonlar boshqaradi. Shuning uchun ham ushbu sohada faoliyat olib borishni istayman.

IT — inson qiladigan ishlarni osonlashtirib beradigan yo‘nalish. Masalan, odamlar avval supurgi bilan uyni supurgan, keyin esa robototexnika yo‘nalishi rivojlanib, changyutgich ixtiro qilingan. Changyutgich odamlar uchun supurgiga qaraganda ko‘proq qulaylik yaratgan. Kompyuterni yaxshi bilish ham IT`ning bir qismi hisoblanadi. Odamlar kompyuterni bilishi orqali o‘z ishini osonlashtiradi. Agarda siz kompyuter ishlatishni bilmasangiz, ancha qiynalasiz.

Bu sohaning qizlar uchun afzalliklari ko‘p. Masalan, qizlar oila qurganida ma’lum muddat farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishi mumkin. Shunday vaqtlarda uyda internet va kompyuter bo‘lsa, bemalol uydan ishlab, pul topishlari mumkin bo‘ladi. Bu esa ularga bir vaqtning o‘zida ikkita ishni bajarish imkonini beradi. Bolalarni uyda tashlab, ming xil xavotir bilan ofisga ishga borishiga hojat bo‘lmaydi.


Maftuna Mahkamova. Foto: «Gazeta.uz» / Madina A’zam

«Maktabda barcha narsalar to‘liq o‘rgatilmaydi, shuning uchun „self study“ qilaman»

IT`ga qiziqish 12 yoshimdan boshlangan. Men dasturchilar nimadir yaratadi, kodlar yozadi, deb o‘ylardim. Ilk tushuncham juda yuzaki bo‘lgan. 8-sinfdan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qishni boshlaganimda IT va dasturchilik nima ekanligi haqida bilib oldim. Shundan so‘ng qiziqishim yanada kuchaydi. Dadam ishlaydigan soha IT`ga yaqin bo‘lgani bois oilada menga hech qanday to‘sqinlik bo‘lmagan.

Ilk bilimlarimni maktabda o‘rganganman. Keyinroq bir narsani tushundimki, maktabda barcha narsalar to‘liq o‘rgatilmaydi. Shuning uchun ham yozgi ta’til paytida «self study» (mustaqil o‘qish — tahr.) qilaman, YouTube`da turli videolar ko‘raman. «Self study»ning yaxshi tomoni — bunda siz o‘zingizni-o‘zingiz boshqarasiz, hech qanday bosim bo‘lmaydi. Masalan «self study»ni boshlab, keyin uni qanchadir vaqtga to‘xtatib qo‘yish mumkin.

Ko‘pincha bu soha bilan kechqurun shug‘ullanishimga to‘g‘ri keladi. Buning uchun ota-onamdan gap eshitgan paytlarim ham bo‘lgan. «Ko‘p shug‘ullansang charchaysan», deyishardi, chunki ertasi kuni maktabga borishim kerak edi. Shunday paytlarda qiynalardim, vaqtim yetmasdi. Dedlaynlarga kech qolardim. Maktabimda yarim kunim o‘tadi, uyda singillarimga qarayman, ota-onam ishda bo‘lishadi, darslarim va boshqa qo‘shimcha ishlarim ham bo‘lardi. Shuning uchun ham vaqtimni yetkazolmasdim.

«Avvalgi maktablarimda kompyuter xonalariga olib kirishmasdi, faqat konspekt yozardik»

Meni qiynaydigan narslardan biri — kompyuter oldida ko‘p o‘tirish oqibatida ko‘zlarimning ko‘rish qobiliyati pasayishi. Menda bu allaqachon boshlangan. Boshim og‘rib, ko‘zlarim achishadi.

Ba’zida internet ishlamay qolardi, kompyuterim ayrim dasturlarni ko‘tarolmay, ishlamay qolgan paytlari ham bo‘lgan.

O‘zbekistonda IT`ni rivojlantirish uchun sifatli internet yo‘q. Bundan tashqari internetda ushbu soha bo‘yicha o‘zbek tilida yetarlicha ma’lumot yo‘q. Hamma ham til bilmaydi, manbalar esa juda kam. Maktabimda barcha sharoitlar yetarli, lekin boshqa maktablarda IT`ni mukammal bo‘lmasa-da, jilla qursa kompyuterdan yaxshi foydalanishni o‘rgatish kerak deb hisoblayman. Avvalgi o‘qigan maktablarimda kompyuter xonalariga bizni olib kirishmasdi. Faqatgina nazariy bilim berilardi, unda ham faqat kitobdan o‘qib, konspekt yozardik.

Men IT`da ham qizlar o‘z o‘rnini topa olishi, nimagadir erishishi mumkinligini isbotlagim keladi va darslarimga yanayam sho‘ng‘ib ketaman. Odamlarning gaplarini «ignor» qilaman. Natijalarim bilan ularga ko‘rsataman.

Boshida ota-onam ham jiddiy qaramagan IT`ga. O‘zim yaratgan mahsulotlarni, qatnashayotgan tanlov va yutuqlarimni ko‘rishgandan so‘ng yana ham ishonchlari oshgan. Hayotda ham uy ishini, ham karerasini birday olib borayotgan ayollar ko‘p.


Maftuna Mahkamova. Foto: «Gazeta.uz» / Madina A’zam

«Qiziqmaydiganlarni IT deb majburlamaslik kerak»

Mening eng katta orzuim — IT kompaniyamni Kremniy vodiysida joylashtirish. Besh yildan keyin o‘zimni Massachusets texnologiya instituti talabasi sifatida ko‘raman. Shuningdek, o‘zimning bir qancha IT loyiha va dasturlarim bo‘ladi.

Agar qiziqqan odam bo‘lsa, IT`ni o‘rganishni albatta maslahat bergan bo‘lardim. IT`ga qiziqadigan odamni uning harakatlari va izlanishlaridan bilib olish mumkin. Bunday paytlarda qaysi soha bo‘lsa ham odam o‘z oldiga aniq maqsad va yo‘nalish qo‘yib, shu yo‘lda harakat qilishi kerak. Qiziqmaydiganlarni esa IT deb majburlamaslik kerak.

O‘z yo‘lini topishga harakat qilayotgan tengdoshlarimga aytgan bo‘lardim: bitta sohaga emas, barcha sohaga qiziqib ko‘rish kerak!

Maftuna Mahkamova «Qizlarning IT ko‘nikmalarini rivojlantirish» (ICT4Girls) loyihasi ishtirokchisi xisoblanadi. Loyiha O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishiga qiziqayotgan, sohada ma’lum ko‘nikma va bilimga ega bo‘lgan maktab yoshidagi qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning raqamli imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ushbu loyiha Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi (ITSM) va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.