Qozog‘istonda 5 iyun kuni mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Bu haqdagi qonun loyihasida Asosiy qonunning 33 ta moddasiga 56 ta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. O‘zgartirishlar prezident Qasim-Jomart Tokayev tomonidan taklif qilingan. Yanvar oyida mamlakatda tartibsizliklar ro‘y bergan, ularda ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgan va jarohatlangan edi.

«Referendum har bir fuqaroga mamlakat taqdirini hal qilishda bevosita ishtirok etish imkonini beradi hamda yangi Qozog‘istonni barpo etish hamda uni har tomonlama demokratlashtirish yo‘lini mustahkamlaydi», — deya Qozog‘iston prezidentining aprel oxirida aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirdi Tengrinews.

U taklif etilayotgan siyosiy tuzumni «ikkinchi respublika» deb atadi va mazkur o‘zgarishlar fundamental xarakterga ega bo‘lishini hamda Qozog‘iston siyosiy tizimini tubdan o‘zgartirishini ta’kidladi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar o‘ta prezidentlik respublikasidan chiqish, parlament va mahalliy vakillik organlari (maslahatlar) vakolatlarini kuchaytirish, partiyaviy-siyosiy sohani modernizatsiya qilishni nazarda tutadi.

Zakon.kz nashrining aniqlik kiritishicha, plebissitga (juda muhim masalani hal qilishni umumxalq ovoziga qo‘yish, referendum) — tahr.) faqat bitta savol qo‘yilgan: «Ommaviy axborot vositalarida 2022 yil 6 mayda chop etilgan Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga «Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida belgilangan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini qabul qilasizmi?»

Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  • o‘lim jazosini taqiqlash (o‘tgan yilning dekabr oyida o‘lim jazosi bekor qilingan edi; hozirda konstitutsiyada o‘lim jazosi istisnoviy chora sifatida tayinlanadigan jinoyatlar belgilab qo‘yilgan);
  • yerga, uning yer osti boyliklariga, suvga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, boshqa tabiiy boyliklarga xalqning egaligini belgilash hamda davlat tomonidan xalq nomidan mulkiy huquqlarni amalga oshirish;
  • Qozog‘iston prezidenti etib ikki muddatdan ortiq saylanishni taqiqlash mamlakatning birinchi prezidentiga taalluqli emasligi haqidagi bandni chiqarib tashlash;
  • prezidentning yaqin qarindoshlariga siyosiy davlat xizmatchisi va kvazidavlat sektori subyektlari rahbarlari lavozimlarini egallashni taqiqlash;
  • respublika faoliyatining birinchi prezidenti tomonidan belgilab berilgan asosiy tamoyillari va uning maqomi o‘zgarmasligi to‘g‘risidagi qoidani chiqarib tashlash;
  • fuqarolarning iltimosiga binoan ularning huquq va erkinliklariga bevosita daxldor bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilishi, konstitutsiyaga muvofiqligi va boshqalar to‘g‘risidagi normani belgilash.

Qozog‘iston adliya vaziri o‘rinbosari Alma Mukanova nima uchun barcha tuzatishlar bir savolda kiritilayotganini quyidagicha tushuntirdi: «[Bu] barcha tuzatishlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va bir-biriga bog‘langanligi bilan oqlanadi. Boshqa tuzatishlar ma’nosini buzmagan holda bir narsa uchun ovoz berish mumkin emas».

Referendum uchun 16,4 mlrd tenge (37,8 mln dollar) sarflanishi rejalashtirilgan. Uchastka va hududiy komissiyalarda ishlash uchun 71 ming nafar fuqaro ishga qabul qilinadi.

Bungacha Qozog‘istonda 1995 yilda referendum o‘tkazilgan, o‘shanda amaldagi konstitutsiya tasdiqlangan edi.