Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdim etildi

O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan Zamonaviy san’at markazi binosini rekonstruksiya qilish va Toshkentning tarixiy mahallalarida ikkita art-rezidensiya yaratish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyihalarni 2023 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda gaz va elektr energiya uchun «ijtimoiy norma» joriy etiladi

Yaqin kunlarda energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot, Moliya va Energetika vazirliklari qo‘shma bayonotida. 2021 yilni O‘ztransgaz — 2,5 trln so‘m, Milliy elektr tarmoqlari — 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan, subsidiyalash siyosati esa yetarli samarani bermayapti. Energoresurslar bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun esa 25 mlrd dollar zarur. Shundan kelib chiqib, energoresurslar narxini erkinlashtirish hamda «ijtimoiy norma» tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Urganchda tergov izolyatoridagi mahkumlarga iste’molga yaroqsiz suv berildi

Urganchda tergov izolyatoridagi mahbuslar Ombudsman vakiliga ichishga yaroqsiz suv berilayotgani yuzasidan shikoyat qilishdi. Holat tasdiqlandi. Mahkumlarga kechasi elektr o‘chguniga qadar suv qaynatib olish tavsiya qilindi.

OTMga qabul uchun davlat buyurtmasini kamaytirish taklif etilmoqda

2022/2023 o‘quv yili uchun OTMlarga qabul kvotalarini belgilashga oid prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga ko‘ra, davlat buyurtmasi sonini kamaytirish taklif etilmoqda. Xususan, bakalavrlarni tayyorlash uchun 110 278 nafar (2021 yilda — 157 755), magistrlarni tayyorlash uchun 11 082 nafar (2021 yilda — 12 900) talabaga o‘rin ajratish ko‘zda tutilmoqda. Moliyaviy mustaqillik berilgan 35 ta OTM esa to‘lov-kontrakt asosidagi kvotani o‘zi belgilaydi.

2023 yildan faqat davlat granti bo‘yicha kvotalar e’lon qilinishi mumkin

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2023 yildan boshlab davlat OTMlariga kvotalarni faqat davlat granti asosida e’lon qilish taklif etilmoqda. Shunga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan barcha OTMlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha kvotani mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi.

Mastlik holatida bo‘lganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil etiladi

O‘zbekistonning barcha hududlarida mast holatda bo‘lgan shaxslarga kamida 10 o‘rinli tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil etiladi. Shuningdek, ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalinganlarni majburiy davolashga yuborish huquqi berilmoqda. Qolaversa, yil oxirigacha narkologiya dispanserlarida qo‘shimcha 430 ta o‘rin yaratiladi.

Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi oshiriladi

Prezident farmoni bilan 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Bir qancha ustamalar ham joriy etiladi. 1 sentabrdan boshlab tibbiy-profilaktika muassasalari xodimlari ilmiy daraja uchun maoshining 30 foizidan 60 foizigacha qo‘shimcha oylik oladi.

Nukusda 2 kg geroinni 90 ming dollarga sotayotgan shaxs ushlandi

Nukusda 34 yoshli shaxs 2 kgdan ziyod geroinni 90 ming dollarga sotayotganda ushlandi. Shuningdek, Toshkent shahri, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ham giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

Antimonopoliya qo‘mitasi UzIMEI, radarlar va Yagona imtihon markazi bo‘yicha yakuniy xulosa beradi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari Shaxrux Sharaxmetov UzIMEI tizimi, radar o‘rnatish nuqtalarining auksionda sotilishi va haydovchilar uchun Yagona imtihon markazi masalalari kun tartibida turgan «eng murakkab va dolzarblari» hisoblanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita raqobat nuqtai nazaridan bu kabi holatlarni nazorat qila oladimi, uning vakolatiga kiradimi yoki yo‘qmi degan masala turibdi.

Namanganda o‘quv mashinasi avariyaga uchradi, bir kishi halok bo‘ldi

Namangan viloyatida Lacetti hamda Cobalt o‘quv mashinasi to‘qnashdi. Lacetti haydovchisi hodisa joyida halok bo‘ldi, Cobalt haydovchisi esa kasalxonaga yotqizildi.

Jizzaxda moliyaviy piramida tashkilotchilari qariyb 700 mln so‘mni qo‘lga kiritishdi

Jizzaxda moliyaviy piramida tashkilotchilari Telegram orqali mablag‘ jalb qilib, uning bir qismi avvalroq guruhga qo‘shilganlarga to‘lab kelgani aniqlandi. Jami 692,3 mln so‘m qo‘lga kiritilgan.

Al-Aqso masjidi kutubxonasidagi o‘zbek allomalari qo‘lyozmalarining nusxalari O‘zbekistonga olib kelindi

Al-Aqso masjidi kutubxonasida saqlanayotgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy muallifligidagi nodir qo‘lyozmalarning elektron nusxalari hamda Isroil davlat arxivi saqlovidagi Buxoro yahudiylari uyushmasiga tegishli hujjatlar to‘plami nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi.

Aprel oyida avtomobillar savdosi oshdi — ITIM sharhi

O‘zbekiston avtomobil bozori hajmi aprel oyida 15,1 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda jadal o‘sish kuzatilmoqda. Buni ekspertlar yil boshidan avtomobillarni xarid qilish va olib kirish uchun yig‘im bekor qilingani bilan izohlamoqda. To‘rtinchi oydirki, xorijiy avtomobillarga qiziqish pasayib bormoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Foto: O‘zbekiston va Qirg‘iziston xavfsizlik xizmatlari rahbarlari chegarani ko‘zdan kechirdi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan birga vertolyotda o‘zbek-qirg‘iz chegarasining belgilanmagan qismini ko‘zdan kechirdi (foto).

«Farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan qizlar uydan ishlab, pul topishi ham mumkin» — Maftuna Mahkamova

«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlaridagi IT sohasini o‘rganayotgan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Birinchi suhbatdoshimiz, Toshkentdagi al-Xorazmiy maktabining 9-sinf o‘quvchisi Maftuna Mahkamova nega IT sohasi kelajakni boshqarishi, ayrim maktablarda o‘quvchilarning kompyuter xonalariga ham olib kirilmasligi va qiziqishi bo‘lmagan odamni IT sohasiga majburlamaslik kerakligi haqida so‘zladi.