O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi («O‘zbekkosmos») va Britaniyaning OneWeb kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Bu haqda dushanba kuni agentlik ma’lum qildi.

Memorandumning maqsadi — O‘zbekiston bozoriga OneWeb sun’iy yo‘ldoshli aloqa kompaniyasini jalb qilishdir. Memorandumda O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha OneWeb kompaniyasining geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimi xizmatlari bilan bog‘liq bir qator tadbirlar, shu jumladan, tartibga solish masalalarini muhokama qilish va «OneWeb sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish uchun davlatning asosiy ehtiyojlarini aniqlash ko‘zda tutilgan».

Memorandum doirasida «O‘zbekkosmos» agentligi va OneWeb kompaniyasi innovatsion past orbital sun’iy yo‘ldosh telekommunikatsiya tizimidan foydalanish masalalari bo‘yicha ekspertiza markazini tashkil etishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, tomonlar chekka hududlar va borish qiyin bo‘lgan qishloq aholi punktlarini, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi korxonalarni OneWeb aloqa sun’iy yo‘ldoshlari orqali yuqori tezlikdagi keng polosali Internet bilan ta’minlashni amalga oshirish uchun zarur choralarini ko‘radi.

«O‘zbekkosmos» agentligi bosh direktori Shuxrat Qodirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda OneWeb telekommunikatsiya xizmatlarining mavjudligi davlat axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan vazifalarni samarali amalga oshirish va chekka hududlarni ham innovatsion aloqa xizmatlari bilan ta’minlash imkonini beradi.

Avvalroq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbekkosmos» agentligi SpaceX vakili bilan Starlink loyihasini O‘zbekiston bozoriga kirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.