O‘zbekistonda Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari (IHR 2005) ijrosini birgalikda tashqi baholash boshlandi. Shu maqsadda Buyuk Britaniya hukumatining sog‘liqni saqlash va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha katta maslahatchisi doktor Mark Salter boshchiligidagi ekspertlar guruhi Toshkentga yetib keldi.

Ekspertlar missiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga JSST vakolatxonasi matbuot xizmati.

Dunyoda xavfli kasalliklarning tarqalish xavfi hali ham saqlanib qolmoqda. COVID-19 favqulodda vaziyatlarga, xususan, pandemiyaga tayyor bo‘lish qanchalik muhimligini ko‘rsatdi, dedi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev poytaxtda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

«Biz Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarini amalga oshirish yo‘lidan bormoqdamiz. Biz bu baholashni uzoq kutdik, buni xohlagandik va baholash natijalari bo‘yicha olinadigan tavsiyalar favqulodda vaziyatlarga tayyorlanish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga imkon beradi deb umid qilamiz», — dedi u.

Yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana, JSST vakolatxonasi rahbari doktor Lian Kuppens, Oliy Majlis Senati, vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari 2005 yilda Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 58-sessiyasida qabul qilingan. Ularning qo‘llanilish sohasi va maqsadi kasalliklarning xalqaro miqyosda tarqalishining oldini olish, ulardan himoyalash, ularga qarshi kurashish va aholi sog‘lig‘ini saqlash uchun xavflarga mos keladigan hamda xalqaro sayohat va savdo-sotiqqa halaqit qilmaydigan jamoat sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha choralar ko‘rishdan iboratdir.

IHR ma’lum kasalliklar bilan cheklanib qolmay, balki yangi va doimiy o‘zgarib turadigan jamoat salomatligi xavflariga nisbatan qo‘llanilib, ular uzoq muddat davomida kasallikning paydo bo‘lishi va tarqalishiga xalqaro javoblarga mos keladigan tarzda ishlab chiqilgan. IHR, shuningdek, xalqaro sayohat va transportda, aeroportlar, portlar va yer usti o‘tish joylarida sog‘liqni saqlashda ishlatiladigan muhim sog‘liqni saqlash hujjatlari uchun huquqiy asos yaratadi.

JSST vakolatxonasi qayd etganidek, baholash 19 ta texnik yo‘nalishda amalga oshiriladi, jumladan:

  • normativ-huquqiy asos, siyosat va moliyalashtirish;
  • biologik xavfsizlik va bio himoyalanganlik;
  • milliy laboratoriya xizmatlari;
  • zoonoz kasalliklari;
  • kirish punktlari, oziq-ovqat xavfsizligi;
  • immunizatsiya;
  • xodimlar malakasini oshirish, epid nazorat va ma’lumotlarni taqdim etish, tibbiy javob uskunalari va xodimlarni yuborish va olish/qabul qilish;
  • favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish operatsiyalari;
  • sog‘liqni saqlash va xavfsizlik organlari o‘rtasidagi aloqani ta’minlash, xavflar haqida xabardor qilish;
  • radiatsiyaviy xavfsizlik, kimyoviy xavfsizlik;
  • IHR faoliyati va antimikrobiyal preparatlarga chidamlilik, aloqa va targ‘ibot ishlarini olish borishni muvofiqlashtirish.

Qo‘shma baholash hafta oxirigacha davom etadi. Mutaxassislar tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda joylarda bo‘lib, mamlakat favqulodda vaziyatlarga qay darajada tayyorligi, qaysi yo‘nalishlarni rivojlantirish va kuchaytirish zarurligi bilan tanishadi.