O‘zbekiston Bosh prokuraturasi aprel oyida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirokida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 21-sonli Mehribonlik uyi faoliyatini tekshirib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

21 aprel kuni internetda Toshkentdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari muassasa panjarasi ortidan, ehtimol, hamshiraga «keting» deb baqirishgani aks etgan video tarqaldi. Boshqa tasvirlarda esa «bizni kaltaklashayapti» degan ovozni eshitish mumkin. Xalq ta’limi vazirligi muassasa tarbiyalanuvchilarida xodimlardan biriga nisbatan norozilik kayfiyati shakllanganini ma’lum qildi.

Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova tekshiruvi natijasida uy ma’muriyati bolalarni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborilgani, bolalar qo‘rquv va nodo‘stona muhitda yashayotgani aniqlandi.

Yunusobod tumani prokurori boshchiligidagi ishchi guruh 21-sonli Mehribonlik uyi faoliyatini tekshirdi.

Tekshiruv davomida muassasadagi «nosog‘lom va qoniqarsiz muhit tufayli» ayrim o‘quvchilarda «norozilik kayfiyati» yuzaga kelganligi, shu sababli ular namoyish uyushtirgani aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura.

Shu sababdan 26 aprel kuni Mehribonlik uyi direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bundan tashqari, tekshirish davomida muassasa mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining noqonuniy hatti-harakatlari oqibatida o‘zganing ko‘p miqdordagi mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilingani aniqlandi, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan 16 may kuni prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirib yuborish yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan o‘g‘irlik), 205-moddasi (vazifa yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi (xizmat e’tiborsizligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.