16 may kuni O‘zbekistonda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi, ovullardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi boshlandi. Saylovlar iyungacha davom etadi.

Nomzodlar qanday tanlanadi va tasdiqlanadi

Fuqarolar yig‘ini — bu fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lib, ularning mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarini hal qilishda mustaqil faoliyat yuritadi. O‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, ular davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi, aholi manfaatlarini ifodalaydi va tegishli hududda ular nomidan qarorlar qabul qiladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig‘ini tomonidan, fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan uch yilga saylanadi.

Oliy Majlis Senati Kengashi saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasini tuzadi. Saylovni o‘tkazishda «fuqarolar yig‘inlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun» Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risidagi qonunga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar komissiyalari tuziladi.

Bevosita fuqarolar yig‘inlarida yig‘ilish yoki vakillar yig‘ilishi qarori bilan ishchi guruhlar tuziladi. Ular «tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda» raislik lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi.

Tuman yoki shahar hokimi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va o‘zining ushbu nomzodlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarini keyinchalik ishchi guruhlarga topshirish uchun tegishli komissiyalarga yuboradi.

Ishchi guruh tuman yoki shahar hokimining xulosasini olganidan keyin fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga kelishilgan nomzodlar haqidagi axborotni saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yig‘ini binosiga va guzarlarga osib qo‘yadi.

Foto: moqqv.uz.

Saylovda kim ishtirok etadi

O‘zbekistonda 9349 ta fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, shundan 41 tasi aholi punktlari, 73 tasi qishloq, 165 tasi ovul va 9070 tasi mahalla fuqarolar yig‘inidir. 4 ta mahalla jamoat asosida faoliyat yuritadi. 580 ta yig‘in qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlar va O‘zbekiston eksklavlarida joylashgan.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yil avvalgi saylovlardan farqli o‘laroq, «kutilmagan holat kuzatildi», ya’ni fuqarolar yig‘ini raisi sifatida ishlash istagida bo‘lganlar soni keskin oshdi. Bu esa nomzodlarni tanlash va tavsiya etishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan. Vazirlik buni keyingi yillarda mamlakat rahbari tomonidan mahalla institutiga e’tiborining oshgani, mahalla raislari vakolat ko‘lami kengaygani bilan izohlagan.

Ishchi guruhlar tomonidan mahalla raislari lavozimiga 26 910 nafar nomzod tanlanib, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tavsiya qilingan. Ya’ni bitta raislik o‘rin uchun o‘rtacha 3 kishi da’vogarlik qilmoqda.

Ro‘yxatga olingan saylovchilar soni 239,9 ming nafardan ortiq.

Saylovning birinchi kunida 834 nafar fuqarolar yig‘ini raisi saylandi. Ularning 399 nafari, ya’ni deyarli 48 foizi birinchi marta, 435 nafari, ya’ni 52 foizi qayta saylangan. Saylangan raislarning 102 nafari ayollar, 60 nafari mahalliy kengash deputatlaridir.

Raislarning 768 nafari yoki 92 foizi oliy ma’lumotga ega. Saylanganlardan 287 nafari 40−50 yosh, 252 nafari 50−60 yosh, 198 nafari 30−40 yosh, 71 nafari 60 yoshdan oshgan va 26 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar hisoblanadi.

Oqsoqollarning 270 nafari kasbi bo‘yicha o‘qituvchi, 137 nafari muhandis, 123 nafari iqtisodchi, 52 nafari agronom, 41 nafari huquqshunos, 21 nafari quruvchi, 10 nafari san’at va sport namoyandalari, 9 nafari shifokor, 5 nafari tovarshunos va 166 nafari boshqa soha vakillaridir.

Vazirlikning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan saylov bilan bog‘liq 18 ta holatga rasmiy izohlar berilgan. Jumladan, Toshkent viloyati Angren shahridagi «Qorabog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimida ishlab kelayotgan Nishonov Nurali Qambarovichning nomzodi saylovga qo‘yilgan nomzodlar ro‘yxatidan olib tashlanganligi aytilgan. Ma’lum bo‘lishicha, «Qorabog‘» mahallasida yashovchi 26 nafar fuqarolar tomonidan imzolangan hamda 12 mayda Angren shahar mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga yuborilgan murojaatda mahalla raisi sayloviga Nishonovning nomzodini qo‘yilishiga qarshi ekanliklarini bildirishgan. Ayni paytda «Qorabog‘» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovini qonunda belgilangan tartibda o‘tkazish bo‘yicha barcha tegishli choralar olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Sirdaryo viloyatida esa Gulistondagi «Nurafshon» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi uchun qo‘yilgan besh nafar nomzodning uch nafari saylov byulletenida qayd etilmagan. O‘rganishlar davomida ulardan 2 nafarining hayotiy tajribasi yetmasligi hamda yana bir nafarining oilaviy muhiti nosog‘lomligi tufayli saylovga nomzodi qo‘yilishi uchun shahar hokimining xulosasi berilmagan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi «Yuqori Avazboy» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘zining qayta saylanishi uchun o‘z tanishlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritganligi aytilgan. Bu vaziyatga Rishton tumani komissiyasi saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mavjud savol va takliflarni Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish hamda saylovni tashkil etishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasiga taqdim etishni ma’lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda shuningdek, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida o‘tkazilayotgan saylovlarga amaldagi mahalla raislari nomzodi deyarli qo‘yilmagani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

Mazkur xabar bo‘yicha Sho‘rchi tumani mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi Sho‘rchi tumanidagi mavjud 842 ta fuqarolar yig‘inida saylovlar o‘tkazilayotgani, ularda 2270 nafar nomzod saylovda ishtirok etishi belgilangan bo‘lib, ularning 510 nafari amaldagi raislar hamda 1762 nafari birinchi bor saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar ekanini ma’lum qilgan.