O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekovni «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi, deb xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanali.

Vladimir Djanibekov — O‘zbekistonda tug‘ilgan sovet kosmonavti, aviatsiya general-mayori, Sovet ittifoqining ikki karra qahramoni. U Sovet ittifoqining eng ko‘p — 5 marta kosmik parvozni amalga oshirgan eng tajribali kosmonavti hisoblanadi. U 145 kun 15 soat 58 daqiqani kosmosga 5 marta parvozi davomida o‘tkazgan.

Jonibekov nomi bilan 3170-sonli kichik sayyora nomlangan. Toshkentda kosmonavtning bronzali byusti o‘rnatilgan.


13 may kuni u 80 yoshga to‘ldi. Yubiley sana munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov kosmonavtning Moskva viloyatidagi xonadonida mehmonda bo‘lib, unga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik maktubini o‘qib eshittirdi va «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

«Hurmatli Shavkat Miromonovich menga bo‘lgan e’tiboringizdan minnatdorman. Bunday diqqat belgisini olish juda yoqimli. Bu men uchun juda qadrli. Men o‘zimning juda ehtiyotkorona va nozik munosabatimni O‘zbekistonga — mening Vatanimga, o‘zim birga o‘sgan, tajriba va bilim orttirgan odamlarga bildirmoqchiman. Men o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan hayotga, tarixga va voqealarga juda xotirjam va oqilona munosabatni tilamoqchiman. Dunyoda tug‘ilgan, o‘sib, ulg‘aygan yurtdan ko‘ra qadrdonroq yurt yo‘q. Ona O‘zbekistonimga farovonlik tilayman», — dedi Jonibekov.

«Do‘stlik» ordeni bilan O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stligi va har tomonlama hamkorligini rivojlantirishdagi ulkan yutuqlari uchun taqdirlashadi.