Prezident 16 may kuni «Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning qon plazmasi banki yaratiladi. Donorlarning qon plazmasi banklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda tashkil qilinadi.

Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi qayd etishicha, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi (QKGI) ilk marta 1944 yilda Qrimda, 1956 yilga kelib Kongoda aniqlangan. Ushbu kasallik kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi.

Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. QKGI virusining manbalari — kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollar hisoblanadi.

Kasallik asosan faoliyati cho‘l hududlari bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalari — cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlarda uchraydi. Gemorragik isitma mavsumiy bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Kasallik asosan (80% dan ko‘prog‘i) 20 — 60 yoshdagi erkaklarda uchraydi.

Ushbu kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va chorva mollaridan ularni olib, qo‘llar bilan kanalarni ezish natijasida terining kana qoni bilan ifloslanishi orqali odamlarga yuqadi. Kasallikning yana bir xavfli tomoni QKGI bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l orqali sog‘lom odamga yuqadi.

O‘zbekistonning juda katta maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi. Ushbu kasallik virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin, deyiladi markaz ma’lumotida.