Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 16 may kuni Elizabet Bornni mamlakat bosh vaziri etib tayinladi va unga yangi hukumat tuzishni buyurdi, deb xabar bermoqda Deutsche Welle. Shu kuni bunga qadar Fransiya yetakchisi bosh vazir Jan Kasteksning butun boshli Vazirlar Mahkamasi bilan birga iste’fosini qabul qilgandi.

Elizabet Born Fransiya tarixidagi hukumatni boshqargan ikkinchi ayol bo‘ldi. Unga qadar 1991−1992 yillarda bosh vazir kursisini Edit Kresson egallagandi.

Elizabet Bunga qadar u Mehnat, bandlik va integratsiya vazirligini boshqargan, ungacha esa ekologiya, transport va uy-joy vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Emmanuel Makron aprelda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi. Elizabet Born 2017 yildan beri Makronning «Olg‘a, respublika» partiyasi a’zosi hisoblanadi.

Jan Kasteks i Emmanuel Makron. Emmanuel Macron / Twitter.

Sobiq hukumatning iste’fosi va yangi bosh vazir tayinlanishi prezident qayta saylanganidan uch hafta o‘tgach sodir bo‘ldi.

«Jan Kasteks, uning hukumati va jamoasiga rahmat. Deyarli ikki yil davomida u Fransiyaga ehtiros va sadoqat bilan xizmat qildi. Keling, qilingan ishlar va birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida erishilgan natijalar bilan faxrlanaylik», — deb yozdi Makron o‘zining Twitter`dagi sahifasida va Fransiya xalqi manfaati uchun yangi bosh vazir bilan birgalikda tinimsiz ishlash niyatini bildirdi.