«Qo‘lingizga Konstitutsiyani oling va o‘qing: qaysi modda nima uchun o‘zgarishi kerak?»

O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani parlamentning ikki palatasi kengashlari muhokamasiga kiritish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. O‘zLiDeP rahbari Aktam Xaitov takliflarda xalqning orzu-istaklari mujassam ekanligini ta’kidladi. «Milliy tiklanish» yetakchisi Alisher Qodirov esa barcha fuqarolarni taklif bildirishga chaqirdi. Deputatlar prezident avvalroq bildirib o‘tgan takliflarni takrorlamoqda.

Toshkentdagi Mehribonlik uyida sodir etilgan o‘g‘rilik va huquqbuzarlik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Prokuratura Toshkent shahridagi 21-sonli Mehribonlik uyi faoliyatini tekshirgandan so‘ng, jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Aprel oyida muassasa tarbiyalanuvchilari xodimlarning biridan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirgandi. Prokuratura bir qator qonunbuzarliklar, jumladan, mablag‘larni o‘zlashtirish holatlarini aniqladi. Mehribonlik uyi direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

O‘zbekistonda mahalla raislari saylovi boshlandi

O‘zbekistonda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi boshlandi. Mamlakatda 9349 ta fuqarolar yig‘inlari mavjud. Nomzodlar 26,9 ming kishini tashkil etadi (har bir o‘ringa deyarli 3 nomzod). Birinchi kunda 834 nafar rais saylangan bo‘lib, ularning 52 foizi ushbu lavozimga qayta saylangan.

Nest One quruvchilari oylik kechikkani sababli chorrahani to‘sib qo‘ydi

Ijtimoiy tarmoqlarda Nest One binosining o‘nlab quruvchilari yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Murad Buildings kompaniyasi «Gazeta.uz» ga namoyishlarga maoshdagi kechikishlar sabab bo‘lganini tasdiqladi. Kompaniya rahbari Murod Nazarov esa ayni vaqtda «hammayoq tinchligi, ishchilar o‘z o‘rnida ishlayotganini va bunga binoning oxirgi qavatida osh tayyorlagani» sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Poytaxt IIBB tekshiruv o‘tkazmoqda.

700 dan ortiq Nest One quruvchisiga maosh vaqtida to‘lanmagan — Mehnat inspeksiyasi

Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi Nest One binosini qurayotgan «Ozguvn mimarlik inshaat» va «Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar» kompaniyalari jami 739 nafar ishchiga maoshini o‘z vaqtida bermaganini aniqladi.

Antimonopoliya qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga nisbatan ish ochdi

Antimonopoliya qo‘mitasi Toshkent shahri va viloyatidagi 178 ta laboratoriya Intermed Innovation kompaniyasiga o‘tkazilishiga oid ma’lumotlarni taqdim etmaganligi uchun SSVga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atdi. «Agar shu hafta berilmasa tegishli tartibda ma’muriy javobgarlik bo‘yicha choralar ko‘riladi», — dedi qo‘mita vakili.

Poytaxtda 4 oy ichida 7777 ta jinoyat fosh etildi

Toshkent shahrida yil boshidan beri 7777 ta jinoyat fosh etilib, 537 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. Poytaxt IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 2435 ta jinoyat ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan, shundan 769 tasi narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq. Buning natijasida 217,3 kg giyohvandlik va 24,3 kg psixotrop vositalar aylanmasining oldi olingan.

«O‘zbekkosmos» Buyuk Britaniyaning OneWeb kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi

«O‘zbekkosmos» agentligi Buyuk Britaniyaning sun’iy yo‘ldoshli aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi OneWeb kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Tomonlar chekka hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash ustida ish olib borish niyatida.

58 yoshli erkak sirpanib, metro poyezdi ostiga tushib ketdi

Toshkent metrosida eshiklari yopilayotgan vagon tomon yugurib ketayotgan fuqaro sirpanib, poyezd tagiga tushib ketdi. Unga metropoliten xodimlari va yo‘lovchilar darhol yordam berishdi, u jarohat olmadi.

«Birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham bor» — Shavkat Mirziyoyev

Birja savdolarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari Jomboy va Uychi tumanlarida birja orqali g‘isht hamda beton qorishmasini sotgan korxonalarni e’tirof etib, hokimlar tomonidan bu tajriba yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. «Ochiq aytish kerak, hali aksariyat hokimlar masalaning ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham bor», — dedi u. Prezident yil oxirigacha o‘z mahsulotlarini birjalarga olib chiqadigan tadbirkorlar sonini 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirishni topshirdi.

Ekspertlar Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarining tadbiq etilishini baholaydi

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarining ijrosi yuzasidan tashqi baholashni boshladi. Baholash natijalariga asoslangan tavsiyalar mamlakatning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga yordam beradi.

Orol fojiasi Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishini 2 barobarga tezlashtirdi — O‘zgidromet

O‘zgidromet rahbari Sherzod Xabibullayev Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechayotganini ta’kidladi. Bu muzliklar erishi, chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda Qrim-Kongo isitmasidan tuzalganlarning qon plazmasi banki yaratiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta hududida Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning qon plazmasi banki tashkil etiladi. Qrim-Kongo gemorragik isitmasi — transmissiv va gemokontakt orqali yuquvchi o‘ta xavfli kasallik hisoblanadi.

Har yili 1 mln fuqaro gepatit B va C turlariga skriningdan o‘tkaziladi

Prezident qarori bilan har yili 1 mln nafargacha fuqaro virusli gepatit B va C turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Shuningdek, gepatit C bilan kasallangan 10,5 ming nafar bemor davolanadi. Qolaversa, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qon bilan ishlaydigan xodimlarini gepatit B infeksiyasiga qarshi emlash majburiy etib belgilanmoqda.

«Oxirgi paytlarda O‘zbekistonda eski davrlarni aks ettiruvchi holatlarni ko‘rib turibmiz» — AQSh elchisi

AQSh elchisi Deniyel Rozenblyumning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2016 yildan buyon diniy erkinlikni ta’minlash borasida katta yutuqlarga erishdi, biroq so‘nggi paytlarda «eski davrlarni aks ettiruvchi» holatlar ham kuzatilmoqda. «Orqaga ketmaylik, oldinga ketaylik, yanada bag‘rikengroq jamiyat sari harakat qilaylik», — dedi elchi.