Avvalroq, «Tashkent city» xududidagi Nest One binosining o‘nlab quruvchilari vaqtida maoshini ololmagani tufayli avtomobil yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida yozgandik. Mazkur holat Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ham o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, 17 may kuni Nest One pudratchilari «Ozguvn mimarlik inshaat» MCHJ XKning 312 nafar ishchisi hamda «Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar» PUning 427 nafar ishchisi aprel uchun ish haqlarini olmaganligi sababli mazkur korxonaga nisbatan norozilik bildirgan.

«17 may kuni „Ozguvn mimarlik inshaat“ MCHJ XKning 312 nafar ishchisiga 1 mlrd 7 mln so‘mdan ortiq hamda „Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar“ PUning 427 nafar ishchisiga 1 mlrd 346 mln 355 ming so‘mdan ko‘proq ish haqlari to‘lab berilishi ta’minlandi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, poytaxt Davlat mehnat inspeksiyasi shu kuni har ikkila kompaniya rahbari Guven Mehmetra nomiga yozma ko‘rsatma berdi.

Avvalroq, Murad Buildings kompaniyasi «Gazeta.uz»ga namoyishlarga maoshdagi kechikishlar sabab bo‘lganini tasdiqlagandi.

«Ichki mehnat qoidalariga ko‘ra, ish haqi har oyning 8 dan 12 sanasigacha beriladi. May oyida ichki protsessual sabablarga ko‘ra 4−5 kunlik kechikish yuz berdi. 16 may kuni barcha ishchilar ish haqi 17 may kuni plastik kartalarga to‘lab berilishi haqida ogohlantirilgan va shu kuni ertalab soat 9:00dan, bank o‘z ishini boshlashi bilan tusha boshladi», — dedi u.

Kompaniya rahbari Murod Nazarov esa ayni vaqtda «hammayoq tinchligi, ishchilar o‘z o‘rnida ishlayotganini va bunga binoning oxirgi qavatida osh tayyorlagani» sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joyiga barcha mas’ul shaxslar yetib borgan va tekshiruv o‘tkazishni boshlab yuborgan. «Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan, ishchilar o‘z ish joylariga qaytgan», — deyiladi xabarda.