16 may kuni Toshkent shahrida «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti matbuot xizmati xabar berdi.

Uning doirasida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev so‘zga chiqib, dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotgani va kechagi o‘lchamlar bugungi kunga to‘g‘ri kelmayotganini ta’kidladi.

Uning ta’kidlashicha, avvalgi yondashuvlar samarasizligi ayon bo‘lmoqda, xalqaro ziddiyatlar esa keskinlashmoqda.

«Natijada, insoniyat ilgari tasavvur qilib bo‘lmagan va o‘z harakat qamrovi va ko‘lamiga binoan transmilliy tinchlik va barqarorlikka yangi havf-xatarlar bilan yuzma-yuz bo‘ldilar. Ularga qarshi samarali kurash uchun, birinchi navbatda, yangilangan ichki siyosat — demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, munosib ta’lim olish uchun imkoniyat yaratish zarur», — dedi u.

Xorijiy hamkorlar bilan muloqot uchun tizimli platforma yaratish muhim va mazkur o‘z ishini boshlagan forum aynan shu maqsadga qaratilgani aytildi.


«Chunki bugungi kunda bashariyat yuzlanishayatgan keskin ziddiyatlarni yechish, birinchi navbatda dunyodagi asosiy muammo — o‘zaro ishonch defitsiti, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro tushinish tanqisligini bartaraf etish bilan bog‘liqdir», — dedi senator.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shak-shubha yo‘qki, hozirgi zamondagi nizolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm va zo‘ravonlikning tubida, eng avvalo, jaholat va adovat, irratsional, oldingi davrlardan meros qolgan, dunyoqarash yotibdi. Ularga qarshi kurash, birinchi navbatda, ma’naviyat, ma’rifat, talim, muloqot evaziga olib borilmog‘i lozim.

«Yana va yana takrorlashdan toymasligimiz lozim — terrorizm, tajovuzkor ekstremizmni muayyan bir din bilan bog‘lash zinhor va zinhor mumkin emas. Tadqiqotlar shuni anglatadiki, diniy e’tiqod radikal oqimlarga qo‘shilishning asosiy omili emas. Dinlar, madaniyatlararo bag‘rikenglik va uyg‘unlikni qaror toptirish, o‘rnashib qolgan stereotiplar va yanglish fikrlarga qarshi kurashish — umumiy vazifamizdir», — dedi Sodiq Safoyev.

Senatorning ta’kidlashicha, bugungi tobora globallashayotgan dunyoda hech bir muammo alohida davlat tomonidan yechila olmaydi.

«Barchamizni bezovta qilayotgan tahdidlar xalqaro, ko‘p tomonlama, uyushgan harakatlarni amalga oshirishni talab qiladi», — dedi u.