Surxondaryo viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Abduraxmanov Abdurasul Nosirjon o‘g‘li tayinlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

U 1990 yil Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. 2012 yilda Davlat xavfsizlik xizmati institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — yurisprudensiya, huquqshunos.

Abduraxmanov mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati idoralari ofitserlari tarkibida harbiy xizmatda mehnat qilgan.

Mazkur lavozimga tayinlangunga qadar 2019 yildan Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tezkor bo‘linma boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritayotgan edi.