2022 yilning I-choragida Monopol korxonalar tomonidan tartibga solinadigan narxlarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi natijasida olgan 3,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad iste’molchilar foydasiga qayta hisoblangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakillari ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha 66 ta murojaat o‘rganilgan. Natijada 10 ta holatda insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Holatlar yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Bundan tashqari, til biriktirishlar va kartel kelishuvlar bo‘yicha jami 4 ta holat o‘rganib chiqilgan, jumladan tanlov savdolarida til biriktirishlarga yo‘l qo‘yilganligi, shuningdek metan gaz quyish shaxobchalari, avtomaktablar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning narxlarni sun’iy tarzda oshirlganlik holatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

«Monopol korxonalar tomonidan tartibga solinadigan narxlarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi natijasida olgan 3,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad iste’molchilar foydasiga qayta hisob qilindi», — deyiladi xabarda.

Misol uchun, «Qorako‘ldonmahsulotlari» AJ tomonidan narxlarni shakllantirishda ayrim xarajatlar asossiz kiritilishi natijasida Monopol yuqori narxlar qo‘llanilganligi aniqlangan. Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan ta’sir choralar natijasida 2,5 mlrd so‘mlik asossiz olingan mablag‘ iste’molchilarga qayta hisob kitob qilingan. Natijada, shu miqdorda 500 dan ziyod aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligi buzilishi oqibatida 842 144 nafar iste’molchilarga 27,4 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi aniqlanib, 391 090 nafar iste’molchilarga 17,6 mlrd so‘m qayta hisob kitob qilib berilgan.

Tabiiy monopoliyalar faoliyati bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga asosan 2022 yil 1 chorak davomida jami 98 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (shundan 85 ta yuridik hamda 13 ta jismoniy shaxslar) ko‘rib chiqildi. Jami 2,7 mlrd so‘m (tabiiy gaz — 353 mln so‘m, elektr energiyasi — 1,2 mlrd so‘m, ichimlik va issiqlik ta’minoti — 290,7 mln so‘m, boshqa xizmatlar — 849,6 mln so‘m) mablag‘lar qayta hisob-kitob qilingan.

Misol uchun, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan «Xonrod invest» MCHJ QKga nisbatan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi yuzasidan elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz 1,7 mlrd so‘m qarzdorlik xisoblangan. Murojaatni o‘rganish natijasiga ko‘ra ushbu hisoblangan qarzdorlik summasi qayta hisob kitob qilinib, 1,2 mlrd so‘mga kamaytirilgan.

Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestrida jami 130 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar 11 ta xizmat turlari bo‘yicha qayd etilgan.

Tabiiy monopoliya subyektlarining Davlat reyestridagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarining 90 tasi (69,2 foiz) davlat ishtirokidagi korxonalar hisoblansa, 40 tasi (30,8 foiz) xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qonun xujjatlari va davlat organlari korxonalarining raqobat muhitiga ta’siri baholangan boshqa vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqilgan 512 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar o‘rganildi va 53 ta loyihada raqobatga zid normalar aniqlandi va ularni bartaraf etish tegishli xulosalari berilgan.

Davlat xaridlari doirasidagi tender savdolarida olib borilgan 2010 ta tahlil ishlarida davlat va korporativ buyurtmachilarining 985 ta raqobatga zid holat aniqlangan.

Tovar-xom ashyo birjalari orqali sotiladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlar soni 38 tadan 45 xil turga yetdi, tadbirkorlar ochiq savdolar orqali tovar va xomashyo resurslari xarid qilish imkoni kengaytirildi.

Respublika tovar-xom ashyo birjalarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarning 2022 yil I choragida sotilgan umumiy hajmi 18,9 trln so‘mni tashkil etgan, ushbu ko‘rsatkich 2021 yil I choragiga nisbatan 24 foizga oshgan.