15 may kuni Bandixon tumanidagi 4-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh «9-B» sinf o‘quvchisi X.I ni kaltaklagani aks etgan videolavha tarqaldi. Viloyat xalq ta’lim boshqarmasining ishchi guruxi vaziyatni o‘rganib, voqea 27 aprel kuni sodir bo‘lganini aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, dars paytida sinf rahbari E.J dars xonasiga kirib kelib, sinf o‘quvchilarining o‘zaro janjalini ijtimoiy tarmoqqa kim tarqatganligini muhokama qilgan. O‘sha vaqtda o‘quvchi gap qaytargani uchun fan o‘qituvchisi jahl ustida uni kaltaklagan. Bolalar holatni videoga olib, 18 kundan so‘ng internetga tarqatib yuborgan.

Ushbu masalani tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi va tuman xalq ta’lim bo‘limi mas’ul xodimlari o‘rganib chiqdi.

Voqea ortidan maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari O.S, o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.A va ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh va «9-B» sinf rahbari E.J bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Viloyat XTB rahbari Suluv Hamidovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, video tarqalgandan so‘ng, maktab direktori X.B ham lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, bolalarga parallel «9-A» sinfi o‘quvchilari ham «9-B» sinfdagi ayrim o‘quvchilar maktabda «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilmasligi hamda tengdoshlari bilan turli-xil janjallar uyushtirib turishini aytgan. Viloyat XTB rahbarining qo‘shimcha qilishicha, kaltak yegan o‘quvchining tarbiyasi bo‘yicha uning ota-onasi bilan bir necha marotaba profilaktik suhbatlar ham o‘tkazilgan.

Aynan ushbu o‘quvchilarning ota-onalariga farzandlarining xulqi va darsga tayyorlanmasdan kelishi yuzasidan alohida ko‘rsatmalar hamda tavsiyalar berib borilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tergovga qadar surushtiruv ishlari, shu jumladan, o‘quvchi va uning ayrim sinfdoshlari bezoriligi yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.