So‘nggi yillarda kriptoaktivlar va san’at sohasida NFT atamasi paydo bo‘ldi. Ushbu atamani, ehtimol, kriptovalyutalar sohasidan yiroq bo‘lgan insonlar ham eshitgan bo‘lsa kerak. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik NFT nima ekanligi va uning qanday paydo bo‘lgani haqida bilishmaydi. «Gazeta.uz» ushbu maqolada NFT haqida siz bilishingiz kerak bo‘lgan eng muhim ma’lumotlarni to‘plagan.

NFT o‘zi nima?

«NFT» atamasi ingliz tilidan olingan abbreviatura bo‘lib «Non Fungible Token», ya’ni «almashtirilmaydigan token» degan ma’noni anlatadi. NFT yagona nusxada mavjud bo‘ladi. NFT — kriptovalyuta emas.

Batafsilroq tushuntiradigan bo‘lsak, NFT ko‘rinishidagi tokenlar bo‘linmaydi va o‘ziga xos virtual birlik hisoblanadi. Ularni sotib olish, sotish, sovg‘a qilish yoki yo‘q qilish mumkin. Ya’ni NFT o‘ziga xosligiga qarab, ma’lum bir qiymatga ega.

NFT-tokenlar o‘zida istalgan axborotni saqlashi mumkin, ya’ni bu rasm, gif-animatsiya, video, audio yoki boshqa shu kabi elementlar, jumladan, sportga aloqador kartochkalar, virtual o‘yinlardagi turli xil elementlar ko‘rinishida bo‘ladi. Token o‘zida muallif hamda unga egalik qiluvchi haqida ma’lumotni saqlaydi. Blokcheynda tokenning yaratilishidan boshlab, oxirgi sotilishi yoki yo‘q qilinishigacha bo‘lgan tarix qayd etiladi.

Token — bu ba’zi aktivlardagi raqamli balansni ifodalash uchun mo‘ljallangan kriptovalyuta bo‘lmagan hisob birligi. Boshqacha qilib aytganda, raqamli dunyoda «qimmatli qog‘ozlar o‘rnini bosuvchi» vosita hisoblanadi.

Biron-bir kriptovalyutani, aytaylik Bitkoynni qismlarga, ya’ni satoshilarga ajratib bo‘lsa, NFT tokenni qismlarga ajratib bo‘lmaydi va u to‘liqligicha ma’lum qiymatga teng bo‘ladi. Misol uchun, agar oddiy bir valyutani, masalan so‘mni biz o‘z qiymatiga teng boshqa bir valyuta bilan almashtira olamiz, lekin biror rassom chizgan suratni tasavvur qiling, uni qismlarga ajratib bo‘lmaydi — NFT ham xuddi shunday, bunday tokenlar ham ijod mahsuli.

NFT raqamli hamyonlarda (crypto wallet), aynan kim unga egalik qilsa shu insonning hamyonida saqlanadi. Muallifda esa faqat mualliflik huquqi qoladi. NFT tokenning aslligini va uning egasini tokenning kodidan bilib olish mumkin. Boshqa foydalanuvchilar esa uning nusxasini ko‘chirib olishlari mumkin, ammo nusxasi hech qanday qiymatga ega bo‘lmaydi, tokenni faqat haqiqiy egasi sotishi mumkin.

NFT nima uchun kerak?

Birinchi navbatda odamlar bunda pul ishlab olish imkoniyatini ko‘rishmoqda. Shuningdek, NFT-tokenlarni sotib olish orqali odamlar o‘zlari yoqtirgan, hurmat qilgan ijodkorni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlash imkoniga ega bo‘lishadi. Shu bilan bir qatorda, foydalanuvchilar ulardan ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda asosiy surat (avatarka) o‘rnida foydalanishadi.

NFT-tokenlar virtual o‘yinlarda ham mavjud bo‘lib, ular o‘yindagi qurol, qahramon yoki obraz ko‘rinishida sotiladi.

Shuningdek, misol uchun, siz mashhur suratning raqamlashtirilgan versiyasining virtual maydondagi to‘laqonli egasi yoki hammuallifi bo‘lishingiz ham mumkin. Bitim tuzilganidan so‘ng, tokenda rasmga egalik qilish huquqi qo‘lga kiritiladi, ushbu ma’lumot esa barcha foydalanuvchilarga ko‘rinadi. Shuning uchun ushbu raqamli sertifikat san’at asariga egalik qilish huquqi ma’lum bir shaxsga berilganligini ko‘rsatib turadi.

Hammasi qanday boshlangan?

NFT ustida ilk tajribalar 2013−2014 yillarda boshlangan bo‘lsa-da (Bitcoin blokcheyn tizimida), ma’lumotlarga ko‘ra bunday turdagi tokenlarni hozirgidek yo‘l bilan sotish va egalik qilish imkonini beradigan smart-kontraktlar (Ethereum blokcheyn tizimida) 2017 yilda yaratilgan.

NFT sohasida birinchi bo‘lib faoliyat yurita boshlagan platforma Pepe nomli qurbaqa tasvirlangan memlarni o‘z ichiga olgan Rare Pepe Directory loyihasi bo‘ldi. Ulardan keyin esa 2017 yilda NFT kriptopanklar paydo bo‘lgan. Garchi ushbu turdagi tokenlarni chiqargan NFT CryptoPunks loyihasini bu sohaga birinchi bo‘lib kirib kelishganini ta’kidlashsa-da, TJ nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, ular Rare Pepe`dan keyin paydo bo‘lishgan.


Foto: Qurbaqa Pepe tasvirlangan memlar / Vice.com

2018 yilda Rare Digital Art Festival auksionida Gomer Simpson ko‘rinishidagi pepe-mem 38 ming dollarga sotilgan. Ammo ko‘pchilik ilk haqiqiy NFT token sifatida kriptopanklarni tan olishgan. Ushbu tokenlar 24×24 o‘lchamiga ega 10 mingta o‘ziga xos, bir-biridan farq qiladigan personajlar tasvirlaridan iborat.

Foto: Kriptopanklar / larvalabs.com

Eng qizig‘i, dastlab kriptopanklarni kripto-hamyonida Ethereum kriptovalyutasi bo‘lgan har bir foydalanuvchi bepul qo‘lga kiritishlari mumkin bo‘lgan. Xohlovchilar unchalik ko‘p bo‘lmagan, ammo keyinchalik kriptopanklar haqida Mashable nashri yozgach — hammasi o‘zgardi. Birdaniga kriptopanklarni qo‘lga kirita boshlashdi va Ethereum evaziga sotish avjiga chiqdi. Asta-sekin personajlarning (ya’ni token maqomiga ega kriptopank-qahramonlar) narxi ko‘tarila boshladi, bunday tokenlar 10 Ethereum qiymatigacha (o‘sha paytda 3 ming dollarga teng), keyinchalik esa kamida 35 ming dollarga teng qiymatga teng baholana boshladi. 2020−2021 yillarga kelib kriptopanklarni bu narxdan arzonroqqa sotib olib bo‘lmasdi. Personaj qanchalik noyob hisoblansa, u shunchalik qimmat bo‘ladi.

Kriptopanklarni turli maqsadlarga ko‘ra sotib olishardi: kimdir ijtimoiy tarmoqlarda «avatarkasini» o‘ziga o‘xshash personaj tasviriga almashtirish uchun sotib olsa, yana kimdir biroz vaqt kutib yanada qimmatroqqa sotish uchun xarid qilishardi.

Token turlari juda tez fursatlarda ko‘paya boshladi. 2017 yilda Dapper Labs kompaniyasi CryptoKitties (kriptomushuklar) kriptoplatformasini yo‘lga qo‘ydi. Bu turdagi tokenlar NFT olamidagi eng mashhur tokenlar hisoblanishadi. Ushbu turdagi NFT-tokenlar o‘yin ichidagi mushuklar ko‘rinishida bo‘lib, ularni qo‘lga kiritgan foydalanuvchi ikkita mushukni chatishtirishi va ularning avlodini sotib foyda ko‘rishi mumkin. Mushuk-personajlarning modifikatsiyasi qanchalik noyob bo‘lsa, ular shunchalik qimmat hisoblanadi. Misol uchun, noyob kriptomushuklarning narxi 500 ETH (Ethereum), ya’ni maqola yozilayotgan paytda salkam 1 mln 64 ming dollar turadi.

Aslida bu kabi misollarning ko‘pini keltirish mumkin, ammo NFT-token sifatida sotilgan obyektlar orasida Beeple nomi ostida ijod qiluvchi rassom Mayk Vinkelmanning muvaffaqiyati alohida o‘ringa ega. Beeple 14 yil davomida har kuni bittadan rasm yaratib kelgan. Natijada u barcha rasmlarini qo‘shib, «EVERYDAYS: THE FIRST 5000 DAYS» nomli NFT-tokenini yaratadi. Ushbu token esa 2021 yil mart oyida Christie’s auksionida 69,3 mln AQSh dollariga sotildi!

Foto: Christie’s Images / Beeple

NFT-token ko‘rinishida nafaqat suratlar yoki memlar, shuningdek, musiqalar ham sotilgan. 3LAU nomi ostida ijod qiluvchi didjey o‘z albomini NFT-token ko‘rinishida sotgan ilk musiqachi bo‘ldi. U o‘z albomini cheklangan tirajda sotib, $11,6 mln ishlab olishga muvaffavaq bo‘ldi.

Qisqa qilib aytganda, NFT-tokenlar…

  • Bitkoin yoki boshqa kriptovalyuta turlaridan farqli o‘laroq, har bir NFT-token o‘ziga xos xususiyatga ega;
  • NFT-tokenlar qaysidir ma’noda samolet biletlariga o‘xshaydi — ko‘rinishidan hammasi bir-biriga o‘xshash, ammo boradigan joyi va joy raqami bir-biridan farq qiladi;
  • NFT-tokenlar san’at predmetlarining hamda kolleksiya qilish mumkin bo‘lgan san’at namunalarining raqamli ko‘rinishlarini yaratish uchun juda mos keladi;
  • Tokenlar maxsus ayriboshlash maydonlardagi ikkilamchi bozorda sotilishi va sotib olinishi mumkin.

Raqamli (digital) obyektlarni yig‘ish aslida jismoniy ko‘rinishga ega rasmlarni, haykaltaroshlik va musiqiy asarlarni kolleksiya qilish bilan bir xil. Ha, kimdir bu asarning nusxasiga egalik qilishi mumkin, lekin asl nusxasi sizda bo‘ladi — NFT-token esa buning isboti.