Ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘izistonning Aksiy tumanidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarida Marokko chigirtkasining ko‘payib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi chigirtkalarning tarqalish xavfi borligi, biroq zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Vazirlikning O‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo boshqarmasi mutaxassisi Baxtiyor Muhammadevning so‘zlariga ko‘ra, «hozirga qadar chigirtkalarni boshqarish mexanizmi hech bir davlatda ishlab chiqilmagan va bu xabar ogohlikka chaqiradi».

«Har yilgidek qo‘shni davlatlarning chegaradosh hududlaridan O‘zbekiston hududiga zararli chigirtkalarning uchib o‘tish xavfi mavjud bo‘lib kelgan. Masalan, joriy yilda O‘zbekiston hududiga zararli chigirtkalarning 50−60 ming gektar maydonga uchib o‘tish xavfi mavjud. Shunday holat yuzaga kelganda, barcha texnika vositalari mobilizatsiya qilinib, keng qamrovli kimyoviy ishlovlar o‘tkazilib, ularning keng maydonlarga tarqalishi xavfini bartaraf etish choralari ko‘riladi. Texnikalar yetarli, moddiy resurslar, kimyoviy vositalar zaxirasi mavjud», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning aprel-may oylarida FVV bilan hududlarda «Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish» mavzuida maxsus-taktik o‘quv mashqlari hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

«Zararli chigirtkalar bilan kurash bo‘yicha Respublikada tizim bor, hozirgi paytda davlat budjetidan ta’minlanadigan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tarkibidagi Chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi», — deydi Muhammadev.

Kurash tadbirlari asosan yer ustki texnika vositalari, xususan, motorli qo‘l apparatlari, OVX, VP-1, ultra kichik-hajmli (UMO) purkagichli avto texnika agregatlari hamda motodeltaplan jalb qilinib kelinmoqda. Mavjud texnikalar bilan 1 kunda 10−12 ming gektar maydonda ishlovlar o‘tkazish mumkin, zaruriyat yuzaga kelganda FVV bilan texnika safarbarligi bo‘yicha hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Qo‘shimcha qilishinicha, hozirda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlov ishlari olib borilmoqda.

12 may kuniga qadar 153,8 ming gektar maydon qayta kuzatuv-nazoratdan o‘tkazilib, jami 118,6 ming gektar maydonda kimyoviy kurash ishlari o‘tkazilgan.

Mutaxassisning ishontirishicha, respublika viloyatlari va Qoraqalpog‘iston hamda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda zararli chigirtkalarning paydo bo‘lishi va tarqalishi bo‘yicha kuzatuv ishlari yo‘lga qo‘yilgan, joylardagi vaziyat nazoratga olingan.

Marokko chigirtkasi — U shimoliy Afrika, janubiy va sharqiy Yevropa hamda g‘arbiy Osiyoda uchraydi. U yolg‘iz turmush tarzini olib borsa-da, vaqti-vaqti bilan soni keskin oshib, qishloq xo‘jaligi sohalarida vayronagarchiliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan to‘dalarga to‘planadi. Chigirtka galasining uzunligi 200 kmdan, kengligi yesa 10 kmdan oshishi mumkin.