O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» Konstitutsiyani isloh qilishni boshlash taklifini bildirdi

O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» fraksiyasi a’zolari Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqishdi. Partiya deputatlari islohotlardan kelib chiqib, Konstitutsiyani bugungi real voqelikka moslashtirish zarur deb hisoblaydi. Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga 10 dan ortiq holat bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.

«Terrorizm va ekstremizmni din bilan bog‘lash zinhor mumkin emas» — Sodiq Safoyev

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev terrorizm va ekstremizmni din bilan bog‘lash zinhor mumkin emasligini ta’kidladi. «O‘rnashib qolgan stereotiplar va yanglish fikrlarga qarshi kurashish — umumiy vazifamizdir», — dedi u. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro terrorizmning tubida irratsional, oldingi davrlardan meros qolgan dunyoqarash yotibdi, ularga qarshi kurash esa ma’naviyat, talim va muloqot evaziga olib borilishi lozim.

Qirg‘izistonda Marokko chigirtkasi ko‘paymoqda. Bu O‘zbekiston uchun xavflimi?

Qirg‘izistonning Aksiy tumanida ekin maydonlarda Marokko chigirtkasi keskin ko‘payib ketayotgani aytilmoqda, bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ham xavf tug‘dirishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu vaziyat nazoratga olingani va tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, joriy yilda qo‘shni davlatlardan 50−60 ming gektarga chigirtkalar uchib o‘tish xavfi bor, shu bois Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzaxda kimyoviy ishlov ishlari olib borilmoqda.

DXX xodimi Surxondaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi

Abdurasul Abduraxmanov Surxondaryo viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat bo‘yicha boshqarmasida faoliyat yuritgan.

Murotjon Azimov deputat bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov xalq deputatlari viloyat Kengashiga deputat etib saylandi.

«Imtiyozli kreditlar — samarali pul-kredit siyosati uchun jiddiy muammo» — MB

Markaziy bank imtiyozli kreditlash amaliyotining makroiqtisodiy samaradorligi pastligi va ushbu amaliyot samarali pul-kredit siyosati uchun jiddiy muammolardan biri ekanligini qayd etdi. 2019 yildan boshlab ularni bozor foizlariga yaqinlashtirish uchun stavkalar ko‘tarila boshlandi, biroq, MB asosiy stavkasi o‘sishi bilan o‘rtadagi farq yana oshdi.

Surxondaryoda o‘quvchining kaltaklanishi ortidan maktabning 4 xodimi va direktori ishdan bo‘shatildi

Surxondaryodagi 4-maktabda o‘quvchi kaltaklanishi 27 aprel kuni sodir bo‘lgani va buning ortidan maktab direktorining ikki o‘rinbosari, sinf rahbari va ingliz tili fani o‘qituvchisi ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda video tarqalgach, maktab direktori ham lavozimidan ozod qilindi. Bandixon tuman IIB kaltak yegan o‘quvchi va uning ayrim sinfdoshlari bezoriligi yuzasidan ham surishtiruv o‘tkazmoqda.

Hafta iliq bo‘ladi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi

16−17 may kunlari O‘zbekistonda quruq ob-havo saqlanib turadi. Harorat +30 darajagacha isiydi. 18−19 may kunlari Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysida qisqa muddatli yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda.

Fuqaro va bank xodimi 1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda

Qibray tumanida fuqaro «Mikrokreditbank» Toshkent viloyati filiali kredit bo‘limi boshlig‘i bilan 1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Shuningdek, Surxondaryoning Uzun va Denov tumanlarida ham fuqarolar imtiyozli kredit mablag‘larini talon-taroj qilgani atilmoqda.

Monopol korxonalarning 3,6 mlrd so‘mdan ko‘proq asossiz daromadi iste’molchilarga qaytarildi

Antimonopoliya qo‘mitasi 4 oy ichida 10 ta holatda insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilganini aniqladi, qolaversa, til biriktirish va kartel kelishuvlar bo‘yicha jami 4 ta holat o‘rganib chiqildi. Natijada monopol korxonalar tartibga solinadigan narxlarni noto‘g‘ri qo‘llashi ortidan olgan 3,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromadi iste’molchilarga qaytarildi. Davlat xaridlari doirasida esa 985 ta raqobatga zid holat aniqlandi.

Yangi yil kuni «o‘t o‘chirgich»ni portlatgan shaxslarga nisbatan sud hukmi o‘qildi

1 yanvar kuni tongda poytaxtdagi «Samarqand darvoza» majmuasi yaqinida «o‘t o‘chirgich» moslamasini portlatgan 8 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ayblanuvchilarning eng kattasi 25 yosh, eng kichigi esa — 19 yoshda. Jabrlanuvchi fuqaro voqea oqibatida oyog‘idagi bir barmog‘idan ayrilganini aytdi. Sudlanuvchilardan biri esa «o‘t o‘chirgich»ni qanday yasagani haqida so‘zlab berdi.

Farg‘onada pul evaziga AQSh yoki Janubiy Koreyaga ishga yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Marg‘ilonda fuqaroni uch yil davomida aldab, AQSh yoki Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishiga ishontirib, 12 700 dollar mablag‘ini qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi. U 500 dollarni qaytarib, o‘z aybiga iqror bo‘lgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qoraqalpog‘istonda fuqarolarga o‘qimasdan «prava» olib berishga uringan avtomaktab xodimi ushlandi

Beruniy tumanida avtomaktab xodimi 4 kishini o‘quv jarayonlariga qatnashtirmasdan, tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishiga ishontirgani aytilmoqda. Buning evaziga u 800 dollar va 16 mln so‘mni olganida qo‘lga tushgan.

O‘zbekiston maktablarida odob-axloq qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi

Xalq ta’limi vazirligi 1 avgustga qadar maktablarda ichki tartib va odob-axloq qoidalarini qayta ko‘rib chiqadi. Unda maktab va ota-onaning ta’lim va tarbiyada ishtiroki, mas’uliyati hamda majburiyatlari aks ettiriladi. Qolaversa, 2023−2024 yillarda maktablarda eskirgan kompyuter sinflarini yangilash uchun jami 400 mlrd so‘m ajratiladi, internet tezligi 100 Mbit/s gacha oshiriladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportajlar:

NFT nima va u qanday paydo bo‘lgan?

Oxirgi ikki yil ichida rassomlar, musiqachilar va kriptotreyderlar orasida NFT atamasi eng qiziqarli mavzulardan biriga aylangan. NFT o‘zi nima? Nega NFT atrofida bunchalik ko‘p shov-shuvlar yuzaga kelmoqda? U qanday paydo bo‘lgan? Quyidagi maqolada «Gazeta.uz» ushbu savollarga javob beradi.

Foto: Farg‘onadagi «Yangi O‘zbekiston» massivi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga safari chog‘ida «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishini borib ko‘rdi. Bu yerda qariyb 300 ta ko‘p qavatli (7 dan 25 qavatgacha) uylar, hiyobon va ko‘l, maktab va bolalar bog‘chalari, sanoat zonasi va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov massivni qurilayotganlari orasida «eng yashil va ekologik massiv» deb atadi. Kommunikatsiya esa maxsus tunneldan o‘tkaziladi.

Foto: Toshkent hayvonot bog‘idagi «Uyga yo‘l» ko‘rgazmasi

Toshkent hayvonot bog‘ida «Uyga yo‘l» xayriya ko‘rgazmasi davom etmoqda. Ko‘rgazmadan maqsad — uysiz kuchuk va mushuklarga ularni sevadigan oilani topishlariga ko‘maklashish. Ko‘rgazmaning birinchi kunidan Yevgeniy Sorochin fotoreportaji.