Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray, Uzun va Denov tumani bo‘limlari tomonidan kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Unga ko‘ra, Qibray tumanida 1 mlrd so‘m, Uzun tumanida 450 mln so‘m va Denovda 300 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari talon-toroj qilgan, deb xabar bermoqda departament.

Qayd etilishicha, «I.G.» MCHJni norasmiy boshqarib kelgan Sh. J. «Mikrokreditbank» Toshkent viloyati filiali kredit bo‘limi boshlig‘i O‘.M. bilan MCHJ rahbari Sh. ning xabardorligisiz qalbaki hujjatlar asosida ushbu bank filialidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 1 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilib, bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Shuningdek, «Mikrokreditbank» Uzun filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «A.S.» oilaviy korxonasi va «CH.S.» MCHJ norasmiy rahbarlari Yo.E. va O.T. lar avtoservis xizmati va mebel ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bank filialidan jami 450 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, talon-toroj qilganliklari, bank filiali mas’ul shaxslari aslida olib kelinmagan jihozlarni olib kelinganligi haqida dastlabki monitoring dalolatnomalarni tuzganligi oqibatida, kredit mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilmasdan bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlanib, tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 30 mln so‘mi undirilishi ta’minlangan, deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, Departamentning Denov tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «A.S.» xususiy korxonasi rahbari A.T. «Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish» uchun hududiy bank filialidan ajratilgan 300 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan ishlab chiqarish uskunalarini sotib yuborib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.