16 may kuni Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi ilgari surildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga asos qilib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish marosimidagi nutqi va Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan bayram tabrigida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish zarurati borasida ilgari surilgan fikrlari keltirilgan.

«Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilgari surilayotgan keng ko‘lamli vazifalar, hususan adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar ularni amalga oshirishga zarur huquqiy asosni ta’minlovchi Konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish extiyojini kun tartibiga ko‘ymoqda», — deyiladi xabarda.

Fraksiya a’zolari Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni bugungi real voqelikka moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun yanada mustahqam huquqiy poydevor yaratish bo‘yicha o‘zlarining aniq pozitsiyalarini ma’lum qilishdi.

Mazkur taklif O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida muhokamaga qo‘yilishi kutilmoqda.

Partiyalar taklif etilayotgan o‘zgartirishlarning aniq tafsilotlarini ochiqlamagan va hujjat loyihasi hali e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 7 dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida asosiy qomusga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi:

  • ilgari amal qilib kelgan «davlat — jamiyat — inson» tamoyilini «inson — jamiyat — davlat» deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
  • iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash;
  • «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
  • Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;
  • yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;
  • «Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat» tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;
  • inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
  • Konstitutsiyaga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritish. «O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor o‘rin egallashi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev;
  • Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish.

Bundan tashqari, 2022 yil 18 mart kuni prezident tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilinganidan buyon unga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.