Xitoy futbol assotsiatsiyasi bilan olib borilgan keng qamrovli muhokamalardan so‘ng mamlakat futbol bo‘yicha Osiyo kubogi-2023 musobaqasiga mezbonlik qila olmasligi haqida ma’lum qildi, deb bayonot berdi OFK.

Xitoy Osiyo futbol konfederatsiyasiga 2023 yilning 16 iyundan 16 iyuliga qadar o‘zidagi 10 ta shaharda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan musobaqani COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq xavotirli holat sababli o‘tkaza olmasligini bildirdi.

«Tayyorgarlik jarayonida Xitoy futbol assotsiatsiyasi va mahalliy tashkiliy qo‘mita bilan yaqindan hamkorlik ishlari olib borildi. Hatto bir qator muhim bosqichlarga erishildi, jumladan, turnir logotipi ishga tushirildi va o‘tgan yili Shanxay Pudong futbol stadionining ochilishiga erishildi», — deyiladi xabarda.

OFK Xitoy futbol assotsiatsiyasi va mahalliy tashkiliy qo‘mita jamoaviy manfaatlarni ko‘zlab, juda qiyin, ammo zarur qarorni qabul qilganini qadrlashini ma’lum qildi. Shuningdek, 2023 yilgi Osiyo kubogi mezbonligi bilan bog‘liq keyingi qadamlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi ta’kidlandi.

Avvalroq, shu yilning 10−25 sentabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilishi rejalashtirilgan XIX Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ham mamlakatdagi COVID-19 bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat tufayli bir yilga kechiktirilish haqida xabar qilingan edi.