10 may kuni Namangan viloyati Norin tumanida o‘tkazilgan tadbirda tomorqasida ko‘knori yetishtirayotgan fuqaro aniqlandi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Norin tumani «Tegirmonboshi» mahallasida yashovchi fuqaroning (1959 y.t.) yashash hovlisi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u hovlidagi ekinlar orasida 57 tup ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlayotganligi aniqlangan.

Namangan viloyati IIB EKBning xulosasida, ushbu o‘simliklar tarkibida giyohvand modda saqlovchi «ko‘knori» o‘simligi ekanligi ko‘rsatilgan.

Holat bo‘yicha Norin tuman IIB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (ekish taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ko‘knori yetishtirish bilan bog‘liq ikki holat aniqlangan edi.