Moskva birjasi uchta yangi valyutada savdoni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ulardan biri o‘zbek so‘mi bo‘lishi mumkin, deya xabar beradi RBK manbalari.

Moskva birjasi yaqin kelajakda savdo qiladigan valyutalari ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Ulardan biri Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) valyutasi dirham bo‘lishi kerak, deya xabar beradi RBKga moliya bozoridagi uchta manba.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Amirlik dirhami, arman drami va o‘zbek so‘mida savdoni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda.

Hozirda birjada rublni 10 ta xorijiy valyutaga almashtirish mumkin: AQSh dollari, yevro, turk lirasi, Gonkong dollari, Belarus rubli, Qozog‘iston tengesi, Shveysariya franki, Britaniya funti, yapon iyenasi va Xitoy yuaniga.

RBK manbasi mavjud valyutalar ro‘yxatini kengaytirishni «mantiqiy qadam» deb hisoblaydi, chunki birjada savdo aylanmasi pasaygan. Dollar-rubl juftligi bo‘yicha o‘rtacha kunlik savdo hajmi 2022 yil aprelida 81,5 mlrd rublni, 2021 yil aprelida 242,9 mlrd rublni tashkil etgan.

Keskin pasayish norezidentlar uchun Rossiya qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarning taqiqlanishi bilan bog‘liq. Avvalroq birjada valyutani sotib olish uchun 30% komissiya ham savdo hajmining pasayishiga ta’sir qilgan, keyin esa aprel oyi boshida foiz miqdori qisqartirilgan va keyinchalik bekor qilingan.

Moliyaviy bozorlar bo‘yicha mustaqil tahlilchi Aleksey Bushuyevning «Kommersant’»ga aytishicha, sanksiyalar sharoitida rasmiylar iqtisodiyotni muqobil valyutalar asosida qayta qurishga harakat qilmoqda.

«Rossiyaning xalqaro operatsiyalar uchun deyarli to‘liq ravishda dollar va yevro bilan chegaralanib qolishi avvallari aniq edi va yangi valyutalarni talab qilmasdi. Yangi defragmentatsiya qilingan dunyoda biz savdo munosabatlarini qayta tiklashimiz kerak va agar ilgari bu birinchi navbatda moliyaviy operatsiyalar bo‘lsa, endi bu savdo. Yirik banklar, markaziy banklar asosiy ishtirokchilarga aylanishi mumkin. Qolaversa, Moskva birjasidagi xorijiy pullar Rossiya bilan munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashning kuchli ifodasidir», — dedi u.

«Otkrыtiye Investitsii» kompaniyasi bosh direktorining makroiqtisodiyot bo‘yicha maslahatchisi Sergey Xestanovning ta’kidlashicha, xorijiy kompaniyalar Rossiya bozorini tark eta boshlagandan so‘ng, rasmiylar parallel importni joriy qildi, ya’ni ular huquqga egalik qiluvchilarning roziligisiz ayrim tovarlarni olib kirishiga ruxsat bergan. Biroq, yetkazib berish uchinchi davlatlar orqali amalga oshirilmoqda.

«Bu rubl plyus parallel import uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan mamlakat valyutasi juftligida yetarli likvidlikni talab qiladi. Xitoy yuani birjada yuqori likvidlikga ega bo‘lsa-da, boshqa valyutalar unday emas. Bu pullar bilan operatsiyalarga talab oshgani sayin, likvidlik ham ortishi mumkin», — dedi u.

Ekspertning fikricha, bu ssenariyning amalga oshirilishi sanksiyalar siyosatiga bog‘liq bo‘ladi.

«Hozircha tovarlar o‘tayotgan davlatlar ikkilamchi choralar yordamida hech qanday qattiq bosimga duch kelmagan. Boshqa tomondan, agar katta hajmdagi parallel import muayyan davlatlar orqali o‘tadigan bo‘lsa, ular ikkilamchi sanksiyalarga duch kelishini taxmin qilish mumkin. Ammo hozircha ba’zi ekzotik valyutalarda likvidlikni oshirish g‘oyasi juda oqilona ko‘rinmoqda», — dedi Sergey Xestanov.