O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Sizning so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Amirliklar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qo‘shib kelayotgan beqiyos amaliy hissangizni va ko‘rsatayotgan e’tiboringizni katta mamnuniyat bilan e’tirof etmoqchiman. Kelgusida ham birgalikdagi qat’iy intilishlarimiz va doimiy muloqotlarimiz natijasida davlatlarimiz o‘rtasida jadal rivojlanib borayotgan o‘zaro ishonch, yuksak hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan sherikligimiz izchil kengayib borishiga aminman», deyiladi prezident maktubida.

Eslatib o‘tamiz, 2004 yildan buyon BAAni boshqarib kelayotgan Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon 13 may kuni 73 yoshida vafot etdi. 14 may kuni esa BAAning Federal Oliy kengashi valiahd, shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti etib sayladi.