Gagarin hiyobonidagi Oksana Chusovitina tasvirlangan graffiti o‘zgartirilgani juma kunining eng muhokamali mavzularidan biriga aylandi. Deyarli kun bo‘yi sukut saqlagan Chilonzor tumani va Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatlari kechqurun gimnastikachining munosabatiga havola berishdan nariga o‘tmadi. Unda Chusovitina noma’lum shaxslar chizilgan rasm ustidan «vandalizm aktini» sodir etganligini, shu munosabat bilan shahar hokimligi grafitini tuzatishga qaror qilganini yozgan. Inkuzart esa «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida u shokdaligi va boshqalarning san’at asarini o‘zgartirishga hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidladi.

O‘zgartirilgan graffiti. Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy.

Keyinchalik rassom, shahar murallari muallifi Xasan Maycheyev Instagram-da murojaat bilan chiqdi, ma’lum bo‘lishicha, undan Inkuzart`ning asarini yangilashni so‘rashgan. U graffitiga zarar yetkazilgani aks etgan fotosuratlarni joylashtirdi va tasvir nima uchun o‘zgartirilganini tushuntirdi.

Shanba o‘tar kechasi Inkuzart graffiti yonidagi o‘zining logosini bo‘yab tashladi.

Xasan Maycheyev murojaati

Men — Xasan Maycheyevman, rassomman. Ehtimol Sergeli, Chilonzor va shaharning boshqa tumanlaridagi murallarning muallifi sifatida meni tanirsiz. Men ikki yoshligimda chizishni boshlaganman. 15 yildan ortiq ijod bilan shug‘ullanaman.


Ko‘plab rasmlarning muallifi sifatida men mualliflik huquqining har qanday buzilishiga qat’iy qarshiman va san’at tarafdoriman. Hamkasbim Inkuzart ijodiga katta hurmat va ehtrom bilan qarayman.


Taxminan bir hafta oldin Gagarin ko‘chasidagi kosmonavtlar muralini chizishni tugatayotganimda chempionimiz Oksana Chusovitinaning suratini saqlab qolishga yordam berishimni so‘rashdi. Muallif shikastni tuzatish va uni saqlab qolish uchun rasmni qanday tuzatish bo‘yicha maslahat berishdan bosh tortganligi sababli men tasvirning shikastlangan qismlarini tiklashga kirishdim. Graffitiga zarar yetkazilgani aks etgan suratlar havola qilingan.


Samimiy niyat bilan yordam berishim ko‘plab salbiy munosabatlari keltirib chiqardi va bundan juda afsusdaman. Birovning ishini buzish niyatim yo‘q edi va men hamkasbimdan shaxsan kechirim so‘rashga tayyorman. Ishni bajarishdan oldin men muallifning imzosi va butun rasm saqlanib qolishiga ishonch hosil qildim (bino restavratsiya qilinmoqda).

Ushbu postim bilan men jamoatchilikni ijtimoiy tarmoqlarda ta’qib qilmasdan konstruktiv muloqotga chaqirmoqchiman. Barchamiz san’at shahrimizni yanada go‘zal qilishini istaymiz.

Albatta men o‘zimga saboq oldim va endi boshqalarning ishlariga telefonda selfi tushishdan boshqa holatda yaqinlashmayman. Men shunchaki art binoda qolishi uchun san’atni saqlashga yordam bermoqchi edim.

O‘zbekistonda street-art ommalashishiga ishonaman. Va tez orada juda ko‘p qiziqarli g‘oyalarni ko‘ramiz.

PS. Men bu postni o‘zim yozishga qaror qildim, (katta ehtimol bilan Toshkent shahar hokimiyati — tahr.) matbuot xizmati buni so‘ramadi, hozir bunday holatda bo‘lish men uchun juda yoqimsiz va men hammasi qanday sodir bo‘lganini shu tarzda tushuntirmoqchi edim.

Hokimiyatning g‘alati posti

Soat 21:00 lar atrofida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Oksana Chusovitina munosabatiga havola ko‘rsatilgan juda g‘alati bir postni e’lon qildi. Xabarda na mavzu, na u nimaga bag‘ishlangani va na gap kim yoki qaysi tahririyat haqida ketayotgani qayd etilgan, biroq, undan «fitnachilar», «mish-mish va shov-shuv tarqatuvchilar», «be’mani fikrlar» va «andishaning otini qo‘rqoq qo‘yib» kabi so‘zlar joy olgan.

Ta’kidlanishicha, sukut (jamoatchilik va jurnalistlarning savollariga va tanqidlariga javoban aytilmoqda — bu so‘nggi oylarda odatiy holga aylanib ulgurdi) zaiflik yoki professionallik belgisi emas, hokimiyat qayd etishicha, buning asosiy sababi — aholining turli qatlamlari vakillaridan iborat bo‘lgan o‘quvchilarining «ma’naviyati va ruhiy holati» haqida qayg‘urishdir.

«Shahar hokimligi, shahar davlat idoralari, boshqarmalari, tumanlar hokimliklari — bular hammasi faqat bitta maqsad — shahrimiz obod va aholisi farovon yashashi yo‘lida xizmat qilishadi», — deyiladi poytaxt hokimligi bayonotida.