Qalbaki pasportlar bilan Toshkentdan Londonga uchishga uringan Shri-lankaning 8 nafar fuqarosiga sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ular 8 aprel kuni uchishga uringanida chegara nazorati xodimlari tomonidan to‘xtatilib, reysdan qoldirilgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, chet el fuqarolaridagi 2 ta Italiya va 6 ta Fransiya davlatining pasportlari qalbaki bo‘lib chiqqan.

Holat yuzasidan Toshkent aviatsiya transport prokuraturasi Jinoyat kodeksining 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish / 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish / 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, 8 nafar shaxslarga nisbatan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining hukmi bilan sudlanuvchilarga tegishli jazolar tayinlandi», — deyladi xabarda.