Hukumatning 12 maydagi «Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [255-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda adliya vazirligi xabar berdi.

Sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini jismoniy shaxslarga qaytarish (keshbek olish) tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Endilikda O‘zbekiston va chet davlatlar fuqarolariga hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1 foizi ularning fiskal belgili cheklari Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda qaytariladi. Chek ro‘yxatdan o‘tkazilganda jismoniy shaxslarning bank kartasi raqami ko‘rsatiladi.

Quyidagi cheklar soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:

  • berilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgan cheklar;
  • avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarilgan cheklar;
  • avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari;
  • shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari.

Qaytarib olingan 1% keshbek jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilmaydi.

Shuningdek, qaror bilan soliqqa oid huquqbuzarliklar haqida soliq organlarini xabardor qilganlarga pul mukofotini to‘lash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, mobil ilova orqali quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

  • sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik turi;
  • soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan xo‘jalik yurituvchi subyekt joylashgan joy.

Huquqbuzarliklar haqida xabar berishda jismoniy shaxs ilovada mobil telefon hamda bank kartasi raqamlarini ko‘rsatadi. Soliq huquqbuzarliklari uchun belgilangan jarimalarning 20 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

Mukofot puli quyidagi hollar kuzatilsa beriladi:

  • onlayn nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibi buzilganligi;
  • naqd pul mablag‘lari yoki plastik kartochkalar bo‘yicha to‘lov shakliga qarab narxlar sun’iy ravishda oshirilganligi yoki pasaytirilganligi;
  • tadbirkorlik faoliyati davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirilganligi;
  • identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi;
  • savdo va xizmatlar ko‘rsatish qoidalarining buzilishi aniqlangan boshqa holatlar.

Eslatib o‘tamiz, 1 yanvardan boshlab xarid chekini «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizi qaytarilishi yo‘lga qo‘yildi. «Gazeta.uz» mazkur ilova orqali fuqarolar qanday qilib keshbekni qaytarib olishi mumkinligi haqida qo‘llanma tayyorladi.