Yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorlikda WikiStipendiya marafonini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar qildi AOKA matbuot xizmati.

O‘zbek tilidagi Wikipedia muharrirlari WikiStipendiya marafonida qatnashishlari va pul mukofotlarini qo‘lga kiritishlari mumkin.

Loyiha internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish va iqtidorli talabalarni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan.

Marafon 20 maydan 20 dekabrga qadar davom etadi. Unda eng faol qatnashgan ishtirokchilar quyida ko‘rsatilgan qiymatdagi bir martalik stipendiya bilan taqdirlanadi:

  • birinchi o‘rin uchun — 50 million so‘m;
  • ikkinchi o‘rin uchun — 40 million so‘m;
  • uchinchi o‘rin uchun — 30 million so‘m;
  • kuchli beshtalik — 20 million so‘m;
  • kuchli o‘ntalik — 10 mln so‘m.

Spot.uz`ning yozishicha, marafonda mustaqil ravishda maqola yozish va boshqa tillardagi materiallarni tarjima qilishga ham ruxsat beriladi. Tabiiy fanlar, geografiya, muhandislik va texnologiya, ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, madaniyat va san’at, shuningdek, o‘yinlar va sport ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.

Loyihada 15 yoshdan oshgan har kim ishtirok etishi mumkin. Buning uchun @Wikistipendiya_bot marafon Telegram-botida ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Tanlov tashkilotchilari ishtirokchilarning ishini baholaydi. WikiStipendiya har oy eng yaxshi muharrirlar reytingini e’lon qiladi.

Batafsil ma’lumotni WikiStipendiya Telegram-kanalida, shuningdek, loyihaning Youtube`dagi matbuot anjumanidan olish mumkin.

Loyiha tashkilotchilariga ko‘ra, Vikipediyaning o‘zbekcha bo‘limi 2003 yilning dekabrida ochilgan. Ayni paytda u yerda 139,7 mingdan ortiq maqola chop etilgan, unda 259 ta faol muharrir, 15 ta administrator bor. Aprel oyida o‘zbekcha Vikipediya sahifalari 14,65 milliondan ortiq ko‘rildi (8 millionga yaqin ko‘rish O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda).