O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov topshirig‘iga ko‘ra Qozog‘istonda avtobus avariyaga uchrashi oqibatida jabrlangan o‘zbekistonliklarga yordam berish uchun maxsus ishchi guruh yuborildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari va boshqa idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhga favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari Azizbek Latifjonov boshchilik qilmoqda.

Ular yo‘l-transport hodisasidan jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatadi va ularni evakuatsiya qilish choralarini ko‘radi. Bundan tashqari, hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganadi.

Eslatib o‘tamiz, Jambil viloyatida sodir bo‘lgan avariya oqibatida 47 nafar o‘zbekistonlik tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgani, ulardan 18 nafari shifoxonaga yotqizilgani, ikki kishi esa halok bo‘lgani haqida yozgandik.