12 may kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi «Rossiya agressiyasi natijasida Ukrainada inson huquqlari vaziyatining yomonlashuvi» rezolyutsiyalarini ma’qulladi. Kengash Rossiya Federatsiyasidan Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilmoqda.

Hujjat jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun 2022 yil fevral va mart oylari oxirida Kiyev, Chernigov, Sumi va Xarkov viloyatlarida huquqbuzarliklar va jinoyatlar bo‘yicha maxsus tergov o‘tkazish uchun Ukrainaga nisbatan mustaqil xalqaro tergov komissiyasi ko‘zda tutilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi Rossiya Federatsiyasini xalqaro inson huquqlari va gumanitar tashkilotlar, shu jumladan Bmtning ixtisoslashgan agentliklari vakillariga Ukrainaning zarar ko‘rgan hududlaridan olib kelingan va Rossiya hududida yoki nazorat ostida bo‘lgan va ishg‘ol qilingan hududlarda ushlab turilgan shaxslarga to‘siqsiz, o‘z vaqtida, zudlik bilan va cheklanmagan kirish huquqini berishga, shuningdek, ishtirok etgan tomonlarga bunday shaxslarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etishga chiqardi.

33 ta mamlakat tergov uchun ovoz berdi, Xitoy va Eritriya qarshi chiqdi, 12 mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Pokiston betaraf qoldi.

«Fevral va mart oylari oxirida Rossiya istilosi ostida bo‘lgan hududlarda so‘nggi o‘n yilliklarda Yevropa qit’asida inson huquqlarining yeng dahshatli buzilishi sodir bo‘ldi», — deya Kengashga so‘zlab berdi Ukraina TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Emine Japarova.

««Kollektiv G‘arb» Rossiyani demonizatsiya qilish bo‘yicha yana bir siyosiy «shabash»ni tashkil qildi. <...> Haqiqatni o‘rnatish ko‘pdan beri ularni qiziqtirmay qo‘ygan va Ukraina harbiylari va millatchilar tomonidan o‘z fuqarolariga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni qunt bilan e’tiborsiz qoldirishga urinishmoqda», — shu kabi bayonot bilan RFning BMTdagi doimiy vakili Gennadiy Gatilov chiqdi.

Ukrainadagi vaziyat yuzasidan o‘zining oldingi pozitsiyasini rad etgan holda Xitoy Eritreya bilan birga BMT IHKning mazkur qaroriga qarshi ovoz berdi.

«Biz (Kengashda) so‘nggi yillarda, siyosat va qarama-qarshilik… kuchayganini, bu esa ishonch, xolislik va birdamlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan edik», — dedi XXRning Jenevadagi vakili Chen Syuy.

«Kiyevning shimolidagi hududlarida suddan tashqari qotilliklar ko‘lami dahshatli»

Mazkur yig‘ilishda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi «tinch aholining o‘limiga va tasavvur qilib bo‘lmaydigan azob-uqubatlariga olib kelganini» ta’kidladi. Bugungi kunga kelib birgina Kiyev viloyatida 1000 dan ortiq fuqarolarning jasadi aniqlandi. Bu odamlarning ba’zilari jang paytida o‘ldirilgan, boshqalari, ehtimol, sud va tergovlarsiz qatl etilgan, dedi u. Ba’zilar o‘z vaqtida tibbiy yordam olmaganliklari oqibatida vafot etdi.

«Aholi yashaydigan joylarda keng ko‘lamdagi harakatga ega portlovchi qurilmalardan foydalanish» natijasida tinch aholining aksariyati halok bo‘lgan yoki yaralangan. Gap og‘ir artilleriya hujumlari, bir nechta raketalar, raketa va havo hujumlari haqida ketmoqda.

«Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunday hodisalar uchun javobgarlik mojaroning ikkala tomoniga ham yuklanishi mumkin, ushbu qurbonlarning aksariyati Rossiya qurolli kuchlari va tegishli qurolli guruhlar bilan bog‘liq», — dedi BMTning Oliy komissari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘plab tinch aholi bir necha hafta yerto‘lalarda vaqt o‘tkazishgan va agar ular ketishga harakat qilsalar, rus askarlari ularni zo‘ravonlik bilan qo‘rqitishgan». Chernigov viloyati Yaxidnoye qishlog‘ida 360 nafar aholi, shu jumladan 74 bola va 5 nafar nogiron 28 kun maktab yerto‘lasida qolishgan. Odamlar bir necha kunlab yotolmasdan, o‘tirib chiqishga majbur bo‘lishgan. Na hojatxona, na suv va na havo salqinlatgichlar bo‘lgan. 10 nafar yoshi katta inson vafot etdi.

«Suddan tashqari qotilliklar ko‘lami, shu jumladan Kiyevning shimolidagi hududlarda ommaviy qatllar shokka tushiradi. Bizda 300 ta shu kabi qotilliklar haqida ma’lumot mavjud, bu qaramlar yangi dalillar taqdim etilishi bilan yanada ko‘payishi mumkin. Tinch aholini o‘ldirishlar ko‘pincha qasddan sodir etilgan…», — deya ta’kidladi Mishel Bachelet.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar yo‘lni kesib o‘tayotganda yoki oziq-ovqat va suv izlab boshpanalarini tark etishganda yoki urush zonasidan mashinalarida ketishga urinishganda vafot etishgan.

Aprel boshida O‘zbekiston Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergandi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov bunday qarorlar «gumonlanayotgan inson huquqlari buzilishining puxta tergovi natijasiga» asoslangan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.