13 may kuni BAA prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon 73 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda WAM axborot agentligi. U 2004 yilda davlat rahbari lavozimini egallagan edi.

Prezident ishlari vazirligi juma kunidan boshlab 40 kun davomida prezidentning o‘limi munosabati bilan rasmiy milliy motam e’lon qildi. Bu vaqtda davlat bayrog‘i tushirilgan holda bo‘ladi.

Dubay matbuot xizmati ma’lum qilishicha, davlat tashkilotlari bilan bir qatorda xususiy sektorda ish faoliyati juma kunidan boshlab 3 kunga to‘xtatiladi.

BAA rahbari 15 milliard dollarlik boylikka ega bo‘lib, Forbes jurnaliga ko‘ra, dunyoning eng boy odamlaridan biri hisoblangan. Xalifa bin Zoid Ol Nahayon turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 2008 yilda kapitali 875 mlrd dollarga yetgan Abu Dhabi Investment Authority investitsiya fondini nazorat qilgan.