6 may kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi yo‘lda Nexia avtomobili pastlikka qulab, yonib ketgan, deya xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yashovchi fuqaro Nexia rusumli avtotransport vositasini boshqarib ketayotib, uxlab qolgan. Buning natijasida Samarqand-Qarshi yo‘nalishidagi A-378 avtomobil yo‘lining 22-kilometrida avtomashina beton to‘siqqa urilgan va pastlikka ag‘darilgan.

Shundan so‘ng avtomobilda yong‘in kelib chiqqan. Avtomashina ichidagi to‘rt nafar fuqaro yong‘in sababli vafot etgan. Haydovchi esa og‘ir tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Vafot etganlarning orasida bir nafar 80 yoshli erkak, bir nafar 70 yoshli ayol va 11 yoshli qizaloq bo‘lgan.