Forbes nashri o‘tgan 12 oy ichida eng ko‘p haq olgan atletlarning o‘ntalik reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ro‘yxatni PSJ hamda Argentina milliy jamoasi futbolchisi Lionel Messi boshqarib turibdi. Hujumchi 130 mln dollar ishlab topgan. Yuqori uchtalikka «Los-Anjeles Leykers» basketbolchisi Lebron Jeyms (121,2 mln dollar) va «Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu (115 mln dollar) kirgan.

Leo Messi o‘tgan yil avgustda 17 yillik faoliyatdan so‘ng «Barselona»ni tark etib, PSJ futbolchisiga aylandi. U Parijda oxirgi mavsumda «Barsa»da olgan maoshiga nisbatan sezilarli (22 mln dollar — 75 mln dollar) ravishda ko‘proq pul topib, soliqlar bilan hisoblaganda Forbes’ning eng daromadli atletlar ro‘yxatida yetakchi bo‘ldi.

Messining azaliy raqibi Krishtianu Ronaldu ham klubini almashtirdi. U avgust oyida «Yuventus»dan sobiq jamoasi «Manchester Yunayted»ga ko‘chib o‘tdi. Ronaldu o‘tgan 12 oyda 115 mln dollar ishlab, 3-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rindagi «Los-Anjeles Leykers» basketbolchisi Lebron Jeyms o‘tgan yilgi rekordini yangilab, 121 mln dollar ishlab topdi. Bu bilan Jeyms daromadi bir yilda 100 mln dollardan oshgan o‘ninchi sportchi bo‘ldi, Messi va Ronaldu bu marraga besh martadan erishgan.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi sportchilar o‘ntaligi so‘nggi 12 oy ichida 991,6 mln dollar ishlab topdi. Bu 2021 yilga (1 mlrd 52 mln dollar) nisbatan 6 foizga pasayish demakdir. Eng ko‘p daromadli atletlar bu yil ishlab topgan summa ushbu reyting yuritilishni boshlagandan buyon uchinchisi bo‘ldi: 2018 — 1 mlrd 59,4 mln dollar, 2021 yil 1 mlrd 52 mln dollar va bu yil 991,6 mln dollar. O‘z navbatida, sport yulduzlari har doimgidan ham yaxshi ishlashmoqda. Sababi bu yil o‘ntalikdagi so‘nggi ko‘rsatkich 2021 yildagi (75 mln dollar) summadan 8 foizga, 2019 yildagi (65,4 mln dollar) summadan 24 foizga ko‘proq bo‘ldi.

Sportchilar o‘z jamoalaridagi maoshlaridan ko‘ra ko‘proq marketing orqali daromadga ega bo‘lmoqda. Endilikda atletlar kriptovalyutalar hamda NFT platformasi orqali ham mo‘may pul ishlamoqda. Xususan, Leo Messi Socios blokcheyn kompaniyasi bilan 20 mln dollarlik kelishuvga erishgan bo‘lsa, «Golden Steyt Uorriorz» basketbolchisi Stefen Karri, «Tampa-Bey Bakkanirs»ning sobiq o‘yinchisi Tom Bredi FTX kriptovalyuta almashinuvchisi bilan shartnomaga erishgan. Basketbolchilar Lebron Jeyms va Kevin Dyurant ham mos ravishda Crypto.com va Coinbase bilan reklama bitimlari imzolagan. Shuningdek, atletlar kompaniyalardan olgan daromadi va sotgan aksiyalari hisobidan 500 mln dollar ishlab topgan. Bu o‘tgan yildagi 512 mln dollardan uncha farq qilmaydi.

Forbes e’lon qilgan eng daromadli Top-10 atlet:

  1. Lionel Messi, futbol, PSJ, 130 mln dollar;
  2. Lebron Jeyms, basketbol, «Los-Anjeles Leykers», 121,2 mln dollar;
  3. Krishtianu Ronaldu, futbol, «Manchester Yunayted», 115 mln dollar;
  4. Neymar, futbol, PSJ, 95 mln dollar;
  5. Stefen Karri, basketbol, «Golden Steyt Uorriorz», 92,8 mln dollar;
  6. Kevin Dyurant, basketbol, «Bruklin Nets», 92,1 mln dollar;
  7. Rojer Federer, tennis, Shveysariya, 90,7 mln dollar;
  8. Saul Alvares, boks, Meksika/AQSh, 90 mln dollar;
  9. Tom Bredi, amerikancha futbol, 2022 yil «Tampa-Bey Bakkanirs» safida faoliyatini tugatdi, 83,9 mln dollar;
  10. Yannis Adetokunbo, basketbol, «Miluoki Baks», 80,9 mln dollar.

Qayd etilishicha, reytingda sportchilarning maoshi, mukofot pullari, bonuslar hamda imij huquqlarining foydalanishdan olingan reklama daromadi hisobga olingan.

Eslatib o‘tamiz, Forbes yanvar oyida eng ko‘p haq oladigan sportchi ayollar ro‘yxatini taqdim etgandi. Reytingda yaponiyalik tennischi Naomi Osaka ketma-ket ikkinchi yil birinchi bo‘ldi. U 57 mln dollardan ortiq pul ishlagan bo‘lib, 55 mln dollarini homiylik shartnomalaridan olgan, 2,3 mln dollarni esa musobaqalarda ishlab topgan.