O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yilgacha maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Unda ta’kidlanishicha, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra:

  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab 1- va 2-sinflarda 252 nomdagi yangi zamonaviy darsliklar, o‘quvchi mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalar joriy qilindi;
  • 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023−2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9- va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o‘quv qo‘llanmalari yaratilishi kerak;
  • 2024 yil 1 sentabrga qadar Milliy o‘quv dasturi ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishi kerak.

Maxsus elektron tizimlar (S-testing, Onlineedu, Raqamli darsliklar va boshqalar) orqali 2022 yil yakuniga qadar yangi avlod darsliklari uchun 10 ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlari yaratilishi kerak, deyiladi farmonda.

1 sentabrga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinf o‘qituvchilari Milliy o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o‘qitilishi lozim.

Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish, shu jumladan, davlat ta’lim standartlari doirasida o‘quv dasturlariga o‘zgartirish kiritish hamda darsliklarni tanlashga (ona tili, adabiyot, tarix, tarbiya va huquq fanlaridan tashqari) ruxsat etildi.

Xalq ta’limi vazirligi bir oy muddatda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy qilish tartibini tasdiqlashi kerak.

Xalq ta’limi vazirligi ikki oy muddatda xalqaro tan olingan ta’lim dasturlari ro‘yxatini shakllantirishi hamda o‘zining rasmiy veb-saytiga joylashtirishi lozim.

Farmon bilan Xalq ta’limi vazirligidan tashqari boshqa vazirlik va idoralarga umumiy o‘rta ta’limning o‘quv-rejalari va dasturlariga o‘zgartirish kiritish va maktablarda yangi fan joriy qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi taqiqlandi.

Farmonda maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish bo‘yicha talablar ham belgilab berilgan.

Tarkibiy islohotlar, o‘qituvchilar malakasini oshirish va rivojlantirish

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va uning huzuridagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, universitet pedagogik yo‘nalishda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yetakchi oliy o‘quv yurtiga aylanadi. Universitetning o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari avgust oyiga qadar xalqaro talablar asosida qayta ko‘rib chiqiladi va takomillashtiriladi. Avgustga qadar Universitet hamda Pedagogika markazlarining o‘quv-rejalari va dasturlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi hamda xalqaro talablar asosida takomillashtiriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab universitetning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2−4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari «4+2» tartibida, jumladan, darslarning 4 kuni oliy ta’lim muassasasida, 2 kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash orqali olib boriladi.

A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlarga aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va trenerlar guruhlarini shakllantirish vazifasi yuklatilgan. Ushbu guruhlar joylarga chiqqan holda kamida 20 foiz umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagoglar uchun zamonaviy metodikalarga asoslangan sayyor o‘quv mashg‘ulot va seminar-treninglar o‘tkazadi.

2022 yil yakuniga qadar maktab o‘qituvchilari uchun «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasida pedagogik faoliyatdan ajralmagan holda amalga oshiriladigan qo‘shimcha individual malaka oshirish kurslarini joriy etiladi.

Xalq ta’limi vazirligiga 2023 yil 1 avgustga qadar pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish vazifasi yuklatilgan.

2024 yil 1 yanvarga qadar vazirlik pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishini sertifikatlashdan o‘tkazishi kerak.