Prokuratura idoralari respublikada 108 ta madaniy meros obyektida 146 ta noqonuniy qurilma qurilganini aniqladi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmat.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida madaniy meros obyektlari hududida qurilgan 7 ta noqonuniy qurilmalar buzdirildi.

Jumladan, Surxondaryoda «Zartepa» (I-V asrlar), «Karvontushdi» (I-VI), «Ismoiltepa» (I-VIII) va «Manguzartepa» (I-IV), Qashqadaryoda «To‘rtko‘ltepa» (I-VI) arxeologiya obyekti, Xorazmda «Qibla tozabog‘» (XIX) arxitektura yodgorligi hududidagi noqonuniy qurilmalar olib tashlandi.

Shuningdek, 71 ta obyektda qurilgan 76 ta noqonuniy qurilmani buzdirish yuzasidan mutasaddi idoralar yozma ko‘rsatmalar bergan. 44 ta madaniy meros obyektidagi 63 ta noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan esa sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Masalan, Termiz tumanida joylashgan «Manguzartepa» arxeologiya yodgorligi (I-IV asr) ustiga uyali aloqa operatori tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan antenna qurilmalarini buzdirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi yuborildi, deyiladi xabarda.

Tekshiruvlar natijasida noqonuniy qurilma qurgan 26 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Hozirda nazorat ishlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq, Antikorrupsiya agentligi «Kultepa», «Vardonze yodgorligi» va «Quloqtepa» madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar sabablarini bartaraf etishni so‘rab, Turizm va madaniy meros vazirligiga taqdimnoma kiritgandi.