Kecha, 12 may kuni soat taxminan 15:50 da Qozog‘istonning Jambil viloyati hududidan o‘tgan “Olmaota-Toshkent” avtomobil yo‘lining 571-kilometrida ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi. Oqibatda haydovchi yordamchisi va bir nafar yo‘lovchi vafot etdi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ob-havo sharoitining yomonlashishi oqibatida avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda harakatlanayotgan traktor tirkamasi bilan to‘qnashib ketgan.

Xabarda aytilishicha, YTH oqibatida avtobus haydovchisining yordamchisi va bir nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. 48 nafar O‘zbekiston fuqarosi Jualin tumani tez tibbiy yordam bo‘limiga tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ulardan 38 nafari erkak, to‘qqiz nafari ayol va bir nafari bola. 16 nafar bemor shifoxonaga yotqizilgan, ulardan to‘rt nafari reanimatsiya bo‘limida, 12 nafari jarrohlik bo‘limida. Diagnostika bo‘limlarida 12 nafar bemor shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Holat yuzasidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 345-moddasi 4-qismi (Transportni boshqarayotgan shaxs tomonidan o‘limga olib kelgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan, deyiladi xabarda.

Jambil viloyati trassasida yuz bergan YTHda jabrlanganlar uchun maxsus telefon raqamlari ishlamoqda — 8 (7262) 51-35-75, 51−41−67.