11 may kuni kechqurun yog‘gan qisqa muddatli yomg‘ir natijasida Farg‘ona viloyatining So‘x va Farg‘ona tumanlarida sel oqimi kuzatildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l bo‘ylab elektr uzatish ustunlari yonidan oqib o‘tayotgan loy oqimi aks etgan video tarqaldi.

So‘x tumanining Malbut va Devayron qishloqlaridagi sel yo‘llarida suv soy o‘zaniga sig‘may, So‘x-Rishton avtomobil yo‘lining qatnov qismiga loy va tog‘ jinslarini olib kelgan. Avtotransport harakati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Malbut qishlog‘ida uylar yerto‘lalari, qo‘shimcha binolar va tomorqa yerlari suv ostida qolgan. Hozirda muhandislik texnika vositalaridan foydalangan holda ofat oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Tuman hokimi boshchiligida qutqaruvchilar va boshqa xizmat vakillari seldan jabr ko‘rgan xonadonlar sonini aniqlamoqda.

Bir kun avval O‘zbekiston prezidenti bahor boshidan buyon mamlakatda 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar kuzatilgani, 9 kishi va 450 dan ortiq chorva nobud bo‘lgani, 245 ta uy va 19 ta ko‘prik shikastlangani haqida ma’lum qilgandi. Shavkat Mirziyoyev kechayu kunduz ishlaydigan shtablar tashkil etish, favqulodda vaziyatlardan himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.