1 sentabrdan O‘zbekistonning barcha maktablarida tuman va shaharlar kesimida «Namunali maktab» reytingi joriy etiladi. Bu prezidentning «Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida aks ettirilgan.

Reyting «umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu borada maktab direktori, ota-onalar
va mahalla raislari mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida» joriy etilmoqda.

Hujjat bilan quyidagilar belgilangan:

  • reyting doirasida har o‘quv yili yakunida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha baholab boriladi;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi;
  • reyting ko‘rsatkichlari asosida «qizil» toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Xalq ta’limi vazirligi, IIV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar 1 sentabrdan reyting ko‘rsatkichlari asosida «qizil» toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida quyidagilarni o‘tkazishi kerak:

  • ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari, mashhur san’atkor, sportchi va aktyorlar, taniqli blogerlarni jalb qilgan holda maktub o‘quvchilari bilan uchrashuvlar, motivatsion suhbatlar va mahorat darslarini tashkil etadi;
  • maktab o‘quvchilari uchun «Vatanparvarlik» darslarini va poligonlarda 2 kunlik harbiy dala mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda ularni chavandozlar maktablariga jalb qilish choralarini ko‘rsin, harbiy qism ofitserlari, serjantlari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida «Vatan tinchligiga barchamiz mas’ul!», «Vatan ozodligi — baxt garovi!», «Vatanga xizmat — oliy fazilat» mavzularida davra suhbatlarini tashkil qiladi;
  • o‘quvchilarning me’moriy va tarixiy obidalar, madaniyat muassasalari hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga tashrifini uyushtirsin;
    o‘quvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqib sport musobaqalari, konsert tomoshalari va san’at asarlari ko‘rgazmalarini o‘tkazadi;
  • buyuk ajdodlarimizning ilmiy va madaniy merosi, ularning ibratli hayot yo‘li hamda jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissalariga oid targ‘ibot ishlarini olib borsin, ulug‘ allomalarning tug‘ilgan sanalariga bag‘ishlangan ilmiy haftaliklar, seminar va anjumanlar tashkil etadi;
  • hayotiy misollar asosida ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi o‘rni, majburiyati va mas’uliyati haqida tushuntirish ishlarini olib borsin, ularni qiziqtirgan va xavotirga solayotgan masalalar bo‘yicha ochiq muloqotlar hamda o‘quv-seminarlarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, har chorakda namunali o‘quvchilarning ota-onalariga «minnatdorchilik xati»ni topshirish va sovg‘alar taqdim etish, ularni boshqacha tarzda rag‘batlantirish va faoliyatini OAVda keng yoritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.