May oyining o‘rtalaridan boshlab O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida temir yo‘l qatnovi tiklanadi, deb xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.

«Qazaqstan temir jolы» kompaniyasi bilan kelishilgan holda 15 maydan boshlab № 647 (648) «Nukus — Beyneu — Nukus» poyezdi, 16 maydan №1 (2) poyezdi «Olmaota — Toshkent — Olmaota» («Tulpar-Talgo» tezyurar poyezdi) yo‘nalishida harakatlana boshlaydi. Reyslar «Toshkent-Markaziy» vokzalidan haftasiga uch marta amalga oshiriladi.

Chiptalarni elektron tarzda hamda temir yo‘l kassalarida sotib olish mumkin. Yo‘lovchilar elektron chiptalarni sotib olayotganda Qozog‘iston chegarasidan o‘tish uchun uni A4 formatida chop etib olishi lozim.

Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda.

«Olmaota — Toshkent — Olmaota» poyezdi 2 maydan, «Nukus — Beyneu — Nukus» poyezdi esa 1 apreldan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan edi, biroq Qozog‘iston karantin cheklovlari tufayli bu sanalarni keyinga surdi.

2020 yil mart oyida koronavirus pandemiyasi sababli xalqaro yo‘lovchi poyezdlarining harakati to‘xtatilgandi.

11 apreldan boshlab Qozog‘iston O‘zbekiston bilan quruqlikdagi o‘tkazish punktlarida chegarani kesib o‘tish cheklovlarini bekor qildi. Manfiy PZR testi yoki kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish talabi saqlanib qolmoqda. Hujjatni «COVID-19siz sayohat» mobil ilovasi yordamida ham taqdim etish mumkin.