Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi 12 may kuni Shimoliy Koreyada omikron shtammi keltirib chiqaradigan birinchi koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berdi. Bu 2020 yilda pandemiya boshlanganidan beri KXDRda koronavirus aniqlangani haqida chiqqan birinchi xabar bo‘ldi.

Mamlakat rahbari Kim Chen In «eng jiddiy favqulodda vaziyat»ni muhokama qilish uchun Siyosiy byuro yig‘ilishini o‘tkazdi, u barcha shaharlarda qattiq lokdaunlar joriy etishni va virus tarqalishining oldini olish uchun chegara nazoratini kuchaytirishni buyurdi.

KXDR Markaziy axborot agentligiga tayanib, ma’lum qilinishicha, mamlakat rasmiylari Pxenyanda isitma belgilari bo‘lgan bemorlarda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazgan va omikron shtammi variantlaridan birini aniqlagan.

Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreya rahbariyatiga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.