Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalasi ham muhokama qilindi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Joriy yilning mart-may oylarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi.

Tabiiy ofatlar oqibatida 9 nafar inson halok bo‘ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, bunga sel va ko‘chki xavfi yuqori hududlarda yillar davomida betartib pala-partish sug‘orilgani ham sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan prezident mutasaddilarga tog‘ daryolari va soylari, sel yo‘llari joylashgan hududlarda tunu-kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va qutqaruv otryadlarini ko‘paytirish topshirildi.

Daryo qirg‘oqlari, suv omborlari, selga qarshi inshootlarning favqulodda vaziyatlarga shaylik holatini o‘rganib, ularni mustahkamlashga ko‘rsatma berildi.

Qolaversa, mas’ul shaxslarga xavfli hududlarda yashayotgan xonadonlarni xavfsiz hududlarga doimiy ko‘chirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, favqulodda holatlarning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etishga FVV va uning hududiy boshqarma (bo‘limlari), fuqaro muhofazasi uchun esa viloyat, tuman va shahar hokimlari javobgar hisoblanadi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 20 aprel kuni 5 kishining o‘limiga va 53 ta uyning to‘liq buzilib ketishiga sabab bo‘lgan Jizzax viloyatining Forish tumani Egizbuloq mahallasidagi yel va suv toshqinlari haqida bir qancha fotoreportajlarni (1, 2, 3) e’lon qilgandi.