Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini ta’kidladi. Bu haqda u chorshanba kungi yig‘ilishda aytib o‘tdi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi.

Shu bois, qishloq xo‘jaligi islohotlarini boshlagan davrimizda don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratishni bundan uch yil oldin e’lon qilgan edik.

«Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilishi aytildi.

Eng avvalo, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 mln 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun 3 mln so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshirilishi ma’lum qilindi.

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bug‘doy ehtiyojga qarab oyma-oy birjaga chiqariladi.

Bunda iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi.

Misol uchun, avgust oyida 1 tonna g‘allaning birja narxi 3,5 million so‘m bo‘lsa, fermerga yana 500 ming so‘m to‘lab beriladi. Bu maqsadlarga joriy yilda davlatdan 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari:

  • fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi;
  • 500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlarini davlat o‘z zimmasiga oladi va bunga 100 milliard so‘m ajratiladi.

Agar fermer va klasterlar tomonidan yetishtirgan ortiqcha g‘allasini sotish istagi bo‘lsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.