Surxondaryoda tadbirkor fermer xo‘jaligi balansidagi yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Bu Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv vaqtida aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, «A.I.» MCHJ rahbari R.F. tomonidan Angor tumani, «Mustaqillik 10 yilligi» massivi hududidagi «Said Nosirxon» fermer xo‘jaligi balansidagi sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonida 4 gektar yer maydoni o‘rniga amalda 7,10 gektar yer maydonidan foydalanib kelgan.

«Tadbirkor tomonidan 3,10 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirilib, 3,10 gektar yer maydonini qishloq xo‘jalik foydalanishidan chiqishiga sabab bo‘lgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 3 mlrd 183 mln so‘m zarar yetkazilgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.