G‘alla qabul qilish punktlari soni kamaytiriladi va 2023 yildan boshlab xususiylashtiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev chorshanba kungi yig‘ilishda aytib o‘tdi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Hokimlar bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Bug‘doyning haqiqiy egasi bu — fermer va klasterlar», — dedi davlat rahbari.

Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. «Marhamat, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday to‘siqlarsiz g‘allani olib ketishi mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari bu masalani shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rishni buyurdi.

«Barcha hokimlar bir narsani aniq tushunib olishi zarur. Nima uchun biz fermerni birjaga olib chiqayapmiz? Fermer birjaga chiqib, o‘zi g‘allasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, o‘z mehnati natijasidan rozi bo‘ladi. Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan g‘alla ham faqat birjadan sotib olinadi», — dedi u.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda brokerlarni biriktirib, o‘qitishni tashkil qilish topshirildi. Bunda fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Joriy yil jami g‘alla hosili uchun 7,6 trillion so‘m ajratiladi. Yangi tizimni to‘laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir so‘m fermer va klasterga o‘z vaqtida, to‘liq yetib borishi, narx-navoni o‘sishi va taqchillikni oldini olish bo‘yicha «kunbay» nazorat tizimi joriy qilinadi.

O‘z navbatida, bosh prokuror boshchiligida respublika shtabi tashkil etilib, hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlar rahbarlik qilishi belgilandi.

Avvalroq, 1 iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib olishi va sotishi haqida yozgandik. Shavkat Mirziyoyev eski tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini ta’kidladi. 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshiriladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida oziq-ovqat narxi kun sayin ortib borayotgani, jumladan, bug‘doy narxi yil boshidan beri 30 foizga qimmatlashganini aytgandi. «Narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu — bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi», — dedi u. Qolaversa, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi 43 ta don korxonasi xarajatlari yuqoriligi, biroq rentabelligi 2 baravar pastligi tanqid qilindi.