Toshkent shahrida bankomat orqali qalbaki valyuta qiymatliklari so‘mga ayirboshlagani ma’lum bo‘ldi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan «Ipak yo‘li bank» murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.

Fuqaro S.F. va boshqalar ushbu bank filialiga tegishli Parkent ko‘chasida joylashgan bankomat orqali qalbaki 2 000 AQSh dollarini so‘mga ayirboshlab olganliklari aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Toshkent shahrida 6900 dollar qalbaki kupyuralarni sotishga uringan uch kishi qo‘lga olingani, Toshkent viloyatida esa ikki fuqaro 11 ming dollarni noqonuniy tarzda 125,4 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lganida ushlangani haqida yozgan edik.