O‘zbekiston aholisi o‘rtasida yil boshidan buyon xorijiy valyutadagi omonatlarga talab keskin oshdi. Bu haqda Markaziy bankning birinchi chorakdagi pul-kredit siyosati sharhiga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Yanvar-mart oylarida aholining bank omonatlaridagi pul mablag‘lari hajmi 3,2 foizga oshib — 37,8 trln so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, so‘m omonatlari hajmi 4,1 foizga (1,2 trln so‘mga) kamaydi, xorijiy valyutadagi hisobvaraqlar esa 18,6 foizga (2,2 trln so‘mga) o‘sdi.


Uch oy davomida aholi tomonidan xorijiy valyutadagi omonatlarga 2,2 trln so‘m ekvivalentidagi mablag‘ yo‘naltirdi. Shundan qariyb 1,5 trln so‘m mablag‘ mart oyida kelib tushdi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi hisobraqamlardan 0,5 trln so‘m yechib olingan, deyiladi nashr ma’lumotida.

Markaziy bank jamg‘armalarning valyuta tarkibi o‘zgarishini devalvatsiya kutilmalarining ortishi bilan izohladi. Mart oyida so‘mning qadrsizlanishi fonida omonatlar bo‘yicha pul mablag‘larini chet el valyutasiga o‘tkazish faollashdi. Naqd valyutani xarid qilish hajmi ham sezilarli darajada oshdi.

«Biroq, Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar (asosiy kursni oshirish va intervensiyalar hajmini oshirish) munosabati bilan mart oyining so‘nggi 10 kunida [devalvatsiya] kutilmalar pasaydi, mablag‘larni milliy valyutaga konvertatsiya qilish jarayoni va banklarga chet el valyutasini sotish faollashdi», — deya qayd etdi regulyator.

So‘mdagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka aholi uchun bir necha yil davomida rekord darajaga yetdi — 20,9%, tadbirkorlik subyektlarida esa 16,2 foizgacha o‘sdi (2021 yil aprel oyida 16,3 foizni tashkil etgan). Inflyatsiyaga moslashtirilgan real stavka mos ravishda 9,4% va 5,2% ni tashkil etdi.

Markaziy bank kelgusi choraklarda omonatlar bo‘yicha amaldagi real foiz stavkalari va «mart oyidagi tuzatishdan so‘ng valyuta kursining kutilayotgan barqaror dinamikasini» hisobga olgan holda aholi so‘mdagi omonatlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishda davom etishini taxmin qilmoqda.


Milliy valyutadagi omonatlarning umumiy hajmi birinchi chorakda 8,5 foizga (5,6 trln so‘m), xorijiy valyutadagi omonatlar esa — 2,2 foizga (1 trln so‘m ekvivalentida) kamaydi.

Regulyatorning ta’kidlashicha, bu tendensiya chorak davomida budjet daromadlarining xarajatlardan oshib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lib, ikkinchi chorakda budjet xarajatlarining mavsumiy o‘sishi hisobiga pul massasi va omonatlarning o‘sish sur’atini qaytarish kutilmoqda.