Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardan naqd pul olishda muammolar kuzatilayotgani haqida ma’lum qilindi. Bankomatlar oldida navbatlar aks etgan rasmlar tarqaldi. O‘zbekiston Markaziy banki ushbu vaziyatga izoh berdi.

Mart oyining ikkinchi yarmida boshlangan naqd pulga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi munosabati bilan Markaziy bank mart oyida 1,12 trln so‘m, aprel oyida — 6,34 trln so‘m va may oyining o‘tgan 11 kuni davomida — 1,1 trln so‘m qo‘shimcha ravishda naqd pul muomalaga chiqargan, deyiladi xabarda.

Mart-aprel oylarida mazkur mablag‘larning 8 trln so‘mi aholining naqd xorijiy valyutani so‘mga konvertatsiya qilishga bo‘lgan ortib borayotgan talabini qondirishga yo‘naltirildi. Ikki oy ichida bu ehtiyoj odatdagidek 11,1 trln so‘mdan 19,3 trln so‘mga oshdi. Yana 4−4,5 trln so‘m bank kartalaridagi pullarni naqdlashtirish uchun ajratildi. Ushbu jarayonga talab 17 trln so‘mdan 22 trln so‘mgacha ko‘paydi.

Agar 2021 yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan mavsumiy iqtisodiy faollikning o‘sishi hisobiga qo‘shimcha 2,5 trln so‘m muomalaga chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning mart-aprel oylarida (may oylarini hisobga olmaganda) bu ko‘rsatkich 3 barobarga oshdi.

«Markaziy bank tomonidan joylardagi bank filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun barcha imkoniyat va resurslar mavjud. Sizga shuni ma’lum qilamizki, qisqa muddatli uzilishlar naqd pulni joylarga yetkazish, ya’ni logistika va [pulni] bankomatlarga joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lib, bu masala Markaziy bank nazoratida», — deyiladi xabarda.

Regulyatorning fikricha, tadbirkorlar mijozlar bilan muloqot qilishda terminallarning to‘liq va uzluksiz ishlashini ta’minlasa, bu mavjud muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.